Joriy yilning 1 may kunidan Toshkent shahrida turgan joyi bo`yicha hisobga olishni rasmiylashtirish hamda manzil ma`lumotlarini taqdim etish xizmatlari sinov tariqasida elektron tizimi ishga tushirildi.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyuldagi “Ichki ishlar organlarining migrasiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3126-sonli Qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda pasport-viza sohasidagi (doimiy, vaqtincha propiska va turgan joyi bo`yicha hisobga olishni rasmiylashtirish hamda manzil ma`lumotlarini taqdim etish) davlat xizmatlarini soddalashtirilgan tartib-taomillarini ta`minlovchi elektron tizimi ishlab chiqildi.
"Ushbu tizim sinov tariqasida ishlatilayotganligi sababli davlat xizmatlarini ko`rsatish jarayonida texnik nosozliklar yoki xatoliklar yuzaga kelsa yoki tizimni yaxshilash bo`yicha takliflaringiz bo`lsa, bu haqida O`zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Ichki ishlar vazirligi Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining apaat@intal.uz elektron pochtasiga ma`lumot yuborishingizni so`raymiz", - deyilgan xabarda.






