2018 yilda 22 139 ta arzon uy-joy qurish rejalashtirilgan bo`lib, joriy yilda namunaviy va arzon uy-joylar qurish ko`lami o`tgan yilga qaraganda 1,5 barobar ko`paytirilishi bo`yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo`mitasi tomonidan «2017-2021 yillarda qishloq joylarida yangilangan namunaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joylar qurish hamda shaharlarda arzon ko`p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati» mavzusida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Davra suhbatida qishloq joylarida aholini zamonaviy va shinam uy-joy bilan ta`minlash darajasini tubdan oshirish, shaharlarda ko`p qavatli uylar qurish ko`lamini kengaytirish hisobiga aholining turmush darajasi va sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni yangicha bosqichga olib chiqish masalalari muhokama markazida bo`ldi.
– 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida qishloq joylarda yangilangan loyihalar asosida 15 mingta arzon uy-joy qurilib, egalariga topshirildi, – deydi «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi bosh direktori o`rinbosari A.Shukurov. – Mazkur uy-joylar qurilgan massivlarda 374 kilometr ichimlik suvi quvurlari, 284 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari, 293 kilometr elektr tarmoqlari hamda 90 kilometr avtomobil yo`llari qurib bitkazildi. 2018 yilda esa 22 139 ta arzon uy-joy qurish rejalashtirilgan bo`lib, joriy yilda namunaviy va arzon uy-joylar qurish ko`lami o`tgan yilga qaraganda 1,5 barobar ko`paytirilishi bo`yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan.
Sohada bir qancha muammolar ham uchramoqda. Jumladan, ayrim ob`ektlarda qurilish jarayonida texnik nazorat to`laqonli olib borilmasligi, aksariyat xonadonlarda markazlashgan kanalizasiya mavjud emasligi, ayrim yangi qurilayotgan massivlar aholi uchun noqulay va tashqi muhandislik hamda transport-kommunikasiya tarmoqlaridan olisdaligi aytildi.
Davra suhbatida muhokama etilgan masalalar echimiga oid tavsiya va takliflar bildirildi.
05.05.2018 03:44
Arzon uy-joylar qurilishi 1,5 barobarga ko`payadi






