9 may – Xotira va qadrlash kuni
Xotira va qadrlash kuni bayram tadbirlari Samarqand viloyatida ham keng xalq ommasi ishtirokida munosib nishonlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, Ikkinchi jahon urushida 152 mingdan ko`proq samarqandliklar ishtirok etgan. Ularning 73 ming nafariga ona-yurtiga qaytib kelish nasib etmadi. Samarqand shahridagi Xotira maydonida 48 ming 500 nafardan ortiq shahid ketgan ota-bobolarimiz nomlari bitilgan.
Bugungi kunda viloyatda 97 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari davlatimiz va xalqimizning doimiy e`tibor va g`amxo`rligidan bahramand bo`lib hayot kechirmoqda. Prezident farmoniga ko`ra, ularga besh million so`mdan pul mukofoti va davlatimiz rahbarining qimmatbaho sovg`alari topshirildi. Shuningdek, viloyat, tuman, shahar hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan urush va mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko`rsatilmoqda.
...9 may kuni erta tongdan Samarqand shahridagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum bo`ldi. Bu erga Samarqand viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo`mondonligi, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari jam bo`ldi.
Samarqand viloyati hokimi T.Jo`raev boshchiligida Motamsaro ona haykali poyiga gul qo`yilib, bugungi tinch va osuda kunlar uchun jon fido qilgan yurtdoshlarimiz yod etildi.
Tadbir davomida urush va mehnat faxriylari bir-birlari bilan diydorlashib, yoshlik yillarini esladilar, bugungi kunlar uchun shukrona aytib, yoshlarni tinchlik-osoyishtalik qadriga etib yashashga da`vat etdilar.
– Shu kunlarga etkazganiga ming karra shukronalar aytamiz, – deydi qo`shrabotlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Adirboy Xo`janov. – Boshimizdan kechirgan urush yillari tarixda qolgani rost bo`lsin. Bu yilgi bayram arafasida davlatimizning juda katta e`tibori, g`amxo`rligidan bahramand bo`ldik. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Shundan so`ng tadbirlar Ko`ksaroy maydoniga ko`chdi.
Bu erda “Nuroniy” jamg`armasi tuman va shahar bo`limlariga Prezident sovg`asi – 16 “Damas” avtomashinasi, jamg`arma viloyat bo`limi kengashiga esa “Kaptiva” avtomobili topshirildi.
– Prezidentimizning “Nuroniy” jamg`armasi faoliyatini takomillashtirish haqidagi farmoni bilan o`tgan yil viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Nuroniylar maskani” bunyod etildi, – deydi “Nuroniy” jamg`armasi Urgut tumani bo`limi raisi F.Azizov. – Jumladan, Urgut istirohat bog`i hududida tumanimiz nuroniylari uchun ana shunday maskan qurib berildi. Davlatimiz rahbarining sovg`asi – “Damas” avtomashinasi olganimizdan boshimiz ko`kka etdi. Bu yurtimizda yoshi ulug` insonlar davlatimizning doimiy e`tibor va g`amxo`rligida ekanligining yana bir ifodasidir.
Ushbu maydonda Markaziy harbiy okrug qo`mondonligi tomonidan harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko`rgazmasi o`tkazildi. Faxriylar harbiy-dala oshxonasida tayyorlangan taomlardan tatib ko`rdilar, teatrlashtirilgan ko`rinishlarni tomosha qildilar.
Tadbirlar doirasida Samarqand shahrining Registon maydonidan Universitet xiyobonigacha bo`lgan masofada yoshlar va faxriylar ishtirokida marafon hamda velomarafon o`tkazildi.
Tadbirlar yakunida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylari uchun Samarqand viloyati hokimligining tantanali qabul marosimi uyushtirilib, ishtirokchilarga sovg`alar topshirildi.
Xotira va qadrlash kuni tadbirlari doirasida mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog`ida halok bo`lgan harbiy xizmatchilar oilasidan xabar olinib, hokimliklar va homiylarning sovg`alari topshirildi.