AsosiySport

Umid Ahmadjonov Osiyo velosport konfederasiyasi Prezidenti bilan uchrashdi

'Umid Ahmadjonov Osiyo velosport konfederasiyasi Prezidenti bilan uchrashdi'ning rasmi

Bugun, 11 may kuni O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov hamda O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov Osiyo velosport konfederasiyasi Prezidenti Osama Ahmad Abdulla al Shafar bilan uchrashuv o`tkazishdi, deb xabar bermoqda qo`mita matbuot xizmati.

Toshkentga uyushtirgan tashrifi davomida janob al Shafarga tashkilot Bosh kotibi Onkar Singx, vise-prezident Shayx Holid bin Hamad va moliyachi Dato Amaryit Singh Gillar hamrohlik qilishdi.

Milliy olimpiya qo`mitasida bo`lib o`tgan uchrashuvda tomonlar 2019 yilda velosportning shosse yo`nalishi bo`yicha mamlakatimizda bo`lib o`tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilishdi.

«2019 yilgi Osiyo chempionati O`zbekistonda o`tishidan xursandmiz. Mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada o`tkazishimizga ishonchingiz komil bo`lsin. Bugungi kunda O`zbekistonda Milliy olimpiya qo`mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda federasiyalar yaqindan hamkorlikda ish olib bormoqda. Avvallari ushbu tashkilotlar tarqoq holda ishlashardi. Biz nafaqat Osiyo chempionatini, balki kelajakda jahon chempionatini ham O`zbekistonda o`tkazishni istaymiz», – dedi Umid Ahmadjonov.


MOQ rahbari Umid Ahmadjonov shuningdek, Toshkentda mashhur sportchi va murabbiylar ishtirokida master-klass va seminarlar o`tkazish borasida ham Osiyo velosport konfederasiyasi Prezidentiga murojaat qildi.


Shuningdek tomonlar o`zbek velosportida yangi innovasion texnologiyalarni qo`llash, jumladan fotofinishlarni joriy etishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov an`anaga muvofiq Milliy olimpiya qo`mitasi nomidan mehmonlarga esdalik sovg`alarini taqdim etdi.


    Boshqa yangiliklar