AsosiyDunyo

AQSh Prezidentlari. Ular haqida nimalarni bilamiz?

'AQSh Prezidentlari. Ular haqida nimalarni bilamiz?'ning rasmi

AQSh tarixida eng yosh prezident sifatida Teodor Ruzvelt (1901–1909) tan olingan. U 42 yoshga kirganida prezidentlik lavozimiga kirishgan edi. Eng keksa prezident sifatida esa Ronald Reygan (1981–1989) ko`riladi. U lavozimiga kirishgan vaqtda 69 yoshda bo`lgan.

“Okean orti mamlakati”da 1789 yildan boshlab prezident saylovi o`tkazib kelinadi. AQShda prezident saylovi har 4 yilda – 4ga qoldiqsiz bo`linuvchi yillarning noyabr oyining birinchi dushanbasidan keyingi birinchi seshanbasida o`tkaziladi.

Ko`pchilik, demak, noyabrning birinchi seshanbasida ekan-da, deyishi mumkin. Ammo bunday emas. Mabodo 1 noyabr seshanbaga to`g`ri kelib qolsa, u xolda saylovlar 8 noyabrda o`tkaziladi. Eslatib o`tish kerakki, AQShda bo`lib o`tadigan prezidentlik saylovida faqat ikki nomzod – “demokratik va respublikachilardan vakillar qatnashadi” degan tassavvur mutlaqo noto`g`ridir. Aslida prezidentlik saylovlariga rasman o`nlab nomzodlar qo`yiladi. Biroq yozilmagan qoidalarga ko`ra, nima uchundir 2 ta partiya vakillariga ko`proq e`tibor qaratiladi.

02.jpg

AQShning birinchi prezidenti etib bir ovozdan Jorj Vashington saylangan. 1792 yilda ikkinchi muddatga yakdilik bilan qayta saylandi. Shu kungacha u yuz foiz ovoz bilan saylangan AQShning yagona prezidenti sifatida tan olinadi. Jorj Vashington AQSh tarixida partiyasiz bo`lgan ikkita prezidentning bittasidir. Uning fikricha, partiyalar o`rtasidagi kurash siyosiy hayotga salbiy ta`sir ko`rsatib, mamlakat taraqqiyotining rivojlanishga to`siq bo`ladi. Ikkinchi partiyasiz prezident Jon Tayler (1841–1845) edi. U avvaliga vise-prezident etib saylangan, 1841 yilda prezident Uilyam Garrisonning vafotidan keyin davlat rahbarligini qo`lga kiritgan edi. Vise-prezident etib saylangan vaqtda Jon Tayler viglar partiyasining a`zosi edi, biroq prezident lavozimini egallagach partiyadoshlari manfaatlariga zid siyosat yurita boshladi. Shundan so`ng partiya saflaridan chiqarildi.

03.jpg

Prezidentlik lavozimida Franklin Delano Ruzvelt eng ko`p (1933–1945) 12 yil (4422 kun) faoliyat yuritgan bo`lsa, Uilyam Garrison atigi 31 kun faoliyat yuritdi. U 1841 yilda inaugurasiya marosimidan ko`p o`tmay vafot etdi.

AQSh tarixida eng yosh prezident sifatida Teodor Ruzvelt (1901–1909) tan olingan. U 42 yoshga kirganida prezidentlik lavozimiga kirishgan edi. To`g`ri, u prezident etib to`g`ridan to`g`ri saylanmagan. Vise-prezident bo`lgani uchun ham 1901 yilda prezident Uilyam Mak-Kinli o`ldirilganidan so`ng davlat rahbari sifatida faoliyat yurita boshladi. Eng yosh prezident etib saylangan Jon Kennedi (1961–1963)dir. U 43 yoshida prezident etib saylangan edi. Eng keksa prezident sifatida Ronald Reygan (1981–1989) ko`riladi. U lavozimiga kirishgan vaqtda 69 yoshda edi. Ikki muddat AQShni boshqargan Ronald Reygan 78 yoshida Oq uyni tark etdi.

Bir muddatdan so`ng tanaffus bilan ikkinchi muddatga prezident etib saylangan Grover Klivlend 22- (1885-1889) va 24- (1893–1897) prezident sifatida tan olinadi.

AQSh tarixida birinchi qora tanli prezident Barak Obama (2009–2017)dir. AQShning

05.jpg

uch nafar prezidenti – Teodor Ruzvelt (1901–1909), Vudro Vilson (1913–1921) va Barak Obama (2009–2017) o`z faoliyatlari maboynida Tinchlik bo`yicha Nobel mukofotiga sazovor bo`lgan. Shuningdek, eks-prezident Jimmi Karter (1977–1981)ga ham Nobel mukofoti berilgan.

Shu kungacha xotin-qizlar biror marta ham prezident yoki vise-prezident lavozimlarni egallamagan. Biroq, vise-prezidentlikka ikki marta ayollar o`z nomzodini ko`rsatgan. 1984 yilda Jeraldin Ferraro Demokratik partiyadan va 2008 yilda Sara Peylin Respublikachilar partiyasidan o`z nomzodlarini vise-prezidentlikka ko`rsatgan edi. Prezidentlik kurashiga kirishgan birinchi ayol Xillari Klinton hisoblanadi. Demokratik partiya ichida bo`lib o`tgan 2008 yilgi praymerizda u Barak Obamaga mag`lub bo`ldi. 2016 yilda esa Xillari Klinton rasman prezidentlika Demokratik partiya nomzodi bo`ldi.

Oq uy rahbarlari o`z maoshlarini xayriya maqsadlariga ham yo`naltirishgan. Jumladan, 31-prezident Gerbert Guver (1929–1933), 35-prezident Jon Kennedi (1961–1963) prezidentlikdan oladigan maoshlarini xayriya maqsadlariga sarflashgan.

Prezident lavozimi 1787 yilda qabul qilingan Konstitusiyaga ko`ra, joriy qilingan va 1789 yilda kuchga kirgan. Prezident davlat va ijroiya hokimiyat rahbari hamda Qurolli kuchlar oliy bosh qo`mondonidir.

AQShda tug`ilgan, kamida 14 yil mamlakat hududlarida istiqomat qilib kelayotgan va saylov vaqtida 35 yoshga kiradigan har qanday AQSh fuqorosi prezidentlikka nomzodini ko`rsatishi mumkin. Prezident 4 yil muddatga saylanadi. Bir kishi ketma-ket ikki muddatdan ziyod prezident etib saylana olmaydi. Konstitusiyaga ko`ra, Prezident “qonunlarni bajarilishini nazorat qiladi va Qo`shma Shtatlardagi barcha amaldorlarni tayinlaydi”. Yuqori mansabli rahbarlar (vazir va idoralar rahbarlari), shuningdek, Oliy sud a`zolari “senat roziligi va maslahati bilan” prezident tomonidan tayinlanadi.

06.jpg

Prezident har yili Kongressga “Mamlakatdagi vaziyat” to`g`risida Hisobot berib turadi. Prezident veto huquqiga ega. Ammo Prezident Kongressni tarqatib yubora olmaydi. Prezident tashqi siyosatni belgilab beradi. Shaxsan o`zi yoki o`z vakillari orqali xalqaro muzokorlar olib boradi va Shartnomalarni imzolaydi. Xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oladi va xorijiy davlatlarga AQSh elchilarini tayinlaydi.

Prezident harbiy sohada cheklanmagan vakolatlarga ega. U boshqa davlatlar hududlarida jangavor harakatlar boshlash borasida qurolli kuchlarga buyruq berishi mumkin. Ammo urush e`lon qilish huquqiga ega emas. Bu huquq Kongressga berilgan. Prezident qaroriga ko`ra, mamlakatda favqulotda holat joriy etilishi mumkin.

AQShda “oqsoq o`rdak” degan ibora bor. Bu ko`p hollarda vakolati yakunlanayotgan prezidentga nisbatan ishlatiladi. Mazkur ibora amaldagi prezidentning saylangan prezidentga asta-sekinlik bilan vakolatlarni topshirish davriga nisbatan qo`llaniladi. To`g`ri, bu jarayonda amaldagi prezidentning vakolatlari saqlanib qolaveradi. Biroq, uning har bir xatti-harakati jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarida boshqacha qabul qilina boshlanadi. Masalan, 2001 yilning 20 yanvarida Jorj Bushning inaugurasiya marosimiga bir necha soat qolganida hokimiyatni topshirayotgan Bill Klinton 140 nafar mahbusni avf qilish borasidagi farmonga imzo chekkan edi. Bu erda qonun buzilishlariga yo`l qo`yilmagan bo`lishiga qaramay jamoatchilik Bill Klintonning bu qaroriga boshqacha nazar bilan qaragan edi.

Konstitusiyaga ko`ra, “davlatga xiyonat, korrupsiya va boshqa og`ir jinoyatlar va xati-harakatlari uchun” prezident impichment orqali iste`foga chiqariladi. AQSh tarixida impichment ikki marta – 1868 yilda Endryu Djonson, 1998-1999 yillarda Bill Klintonga nisbatan qo`llanilgan. Ammo ularning har ikkisi ham oqlangan. O`z hohishi bilan faqat bir prezident – Richard Nikson (1974 yilda impichment tahdidi sabab) mansabidan voz kechgan.

AQShda muddatdan ilgari prezidentlik saylovlari o`tkazilmaydi. Konstitusiyaga ko`ra, prezident vafot etsa, iste`foga chiqsa yoki mansabidan chetlashtirilsa u holda davlat rahbarligini avtomatik ravishda vise-prezident egallaydi. Prezident va vise-prezident lavozimlari bo`shab qolgudek bo`lsa, u holda Vakillar palatasining spikeri prezident sifatida faoliyat yuritadi. Ro`yxat bo`yicha Senat raisi, vazirlar prezident lavozimini egallaydi. Bu borada birinchi o`rinda davlat kotibi turadi. 1947 yilda qabul qilingan qonunga ko`ra, Prezident lavozimini egallaydigan 18 ta amaldor tasdiqlangan.

1967 yilda Konstitusiyaga kiritilgan 25-qo`shimchaga ko`ra, prezident o`z vazifasini bajara olmay qolsa, u holda vise-prezident bu vazifani bajarishga kirishadi. Buning uchun, albatta, prezident bayonot berishi kerak. Bu kabi hodisa atigi uch marta kuzatilgan. 1985 yil 13 iyulda Ronald Reygan 8 soat maboynida o`z vakolatlarini katta Jorj Bushga, 2002 yil 29 iyuni va 2007 yil 21 iyulida kichik Jorj Bush o`z vakolatlarini ikki soat Dik Cheyniga topshirgan edi.

Harakatlanish uchun prezidentga aloqa jihozlari bilan ta`minlangan shaxsiy vertolyot va yaxta berilgan. Shaxsiy avtomobili zirhlangan. Prezidentga mamlakat ichkarisi va xalqaro yo`nalishlarda parvoz qilishi uchun ikkita maxsus jihozlangan Boeing 747 (asosiy va zahira) samolyot ajratilgan. Bort №1ning yo`nalishi va parvoz vaqti maxfiylashtirilgan va harbiy amaliyot sifatida talqin qilinadi.

Prezidentlar vakolatlarini topshirganlaridan keyinoq ularning nomlarini abadiylashtirish boshlanadi. Davlat rahbarlarining nomlari avianosslarga berilishi ananaga aylangan. 2006 yilning noyabr oyida 41-prezident katta Jorj Bush (1989–1993) sharafiga “Jorj Bush” avianosesi suvga tushirildi.

AQShda yana bir yaxshi an`ana bor. U ham bo`lsa prezident kutubxonasini tashkil qilishdir.

09.jpg

Bu an`ana 1939 yildan beri amal qilib keladi. O`shanda Franklin Ruzvelt o`ziga tegishli hujjatlarni Milliy arxiv xizmatiga topshirgan edi. Jorj Vashington, Avraam Linkoln va Tomas Djefferson xotirasiga Vashington shahrida yodgorlik o`rnatilgan. Ularning nomi Teodor Ruzvelt nomi bimlan birga Janubiy Dakota shtatidagi Rashmor tog`iga o`yib yozilgan. Jon Kennedi sharafiga Arlington qabristonida mangu olov yonib turibdi.

08.jpg

AQShda “sobiq prezident” atamasi deyarli yo`q. Ular raqamlari bilan atalishadi. AQSh prezidenti etib saylangan kishi bu maqomni umrining oxiriga qadar saqlab qoladi. Bugungi kunda Barak Obamadan tashqari Jimmi Karter, katta Jorj Bush, Bill Klinton va kichik Jorj Bush ham prezident maqomini saqlab qolgan. Iste`foga chiqqan AQSh prezidentlari bir yilda 200 ming dollarga teng pensiya oladi. Sobiq prezident singari ularning oila a`zolari ham AQSh Maxfiy xizmati tomonidan qo`riqlanadi.

Sharofiddin To`laganov, O`zA

    Boshqa yangiliklar