AsosiyJamiyat

Turkiya elchisi Diniy idoraga tashrif buyurdi

'Turkiya elchisi Diniy idoraga tashrif buyurdi'ning rasmi

Bugun, 17 may kuni Turkiyaning O`zbekistondagi elchisi Axmed Bashar Shen Diniy idoraga tashrif buyurdi. Mehmon muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bilan muloqot o`tkazdi, deb xabar bermoqda diniy idora matbuot xizmati.

Elchi janoblari Ramazon oyi bilan muftiy hazratlari va butun O`zbekiston xalqini tabriklab, Islom olamiga tinchlik-osoyishtalik va noxush holatlarning tezroq barham topishini tiladi. Axmed Bashar Turkiya Prezidentining O`zbekistonga tashrifi butun dunyoda ijobiy aks sado bergani, haqiqatan samarali bo`lganini ta`kidladi. Ayniqsa, Buxoro shahriga tashrif juda ham ko`tarinki ruhda o`tgani, u erdagi yuqori saviyadagi tayyorgarlik ishlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Axmed Bashar Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbosh janoblarining salom va Ramazon tabriklarini etkazib, ikki mamlakat musulmonlari idoralari hamkorligida Ramazon oyi davomida tadbirlar o`tkazishdan baxtiyor ekanini izhor qildi. Muftiy hazratlari ham Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi bilan hamkorlik qilish juda ham foydali ekanini bildirib, yaxshi natijalar berishini ta`kidladilar. Har ikki tomon ham o`zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olishdi.

Uchrashuv do`stona va samimiy ruhda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar