AsosiyShou-biznes

O`zbekiston, Rossiya hamkorligidagi "Xo`ja Nasriddin" filmida Jan Reno suratga tushadi

'O`zbekiston, Rossiya hamkorligidagi  "Xo`ja Nasriddin" filmida Jan Reno suratga tushadi'ning rasmi

Tarixda ilk marotaba Fransiyadagi 71-Kann Xalqaro kinofes­tivalida “O`zbekiston” paviloni tashkil etildi. 8-19 may kunlari Fransiyaning mashhur Kruazet sohili bo`yidagi

Festivallar va kongresslar saroyida taqdim etilgan yurtimiz pavilonida kechgan jarayonlar haqida batafsil ma`lumotga ega bo`lish maqsadida Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi Oybek Abdushukurov va delegasiya a`zolari bilan bog`landik...

— Oybek, “Kann”ga borish uchun qanday chig`iriqlardan o`tildi?

— Uch yildan buyon turli xalqaro kinofes­tivallarda prodyuser sifatida ishtirok etib kelaman. Yillar davomida chiqargan xulosam shuki, kino bozorining kino sanoatida o`rni katta ekan. Shu ma`noda, O`zbekiston yoshlar ittifoqiga “Kann”da ishtirok etish taklifini kiritganimda, fikrimni qo`llab-quvvatlashdi. Yarim yil davomida “O`zbekiston” pavilonida ko`rsatish mumkin bo`lgan kino tariximiz, bugungi kundagi filmlarimiz, umuman O`zbekiston haqida ma`lumotlar jamlangan jurnal va kinoprodyuser, rejissyorlarga namoyish qilish uchun aniq yo`nalish bo`yicha taqdimot tayyorladik. Muhimi, distribyutorlar yarim yillik mehnatimizni “eng zo`r jurnal”, deya e`tirof etishdi.

— “Kann”da istalgan davlatdan borgan delegasiya pavilon tashkil qilish uchun joy sotib olishi hech kimga sir emas. Bu imkoniyatdan o`zbek kinoijodkorlari nega endi foydalanyapti?

— Nega bu imkoniyatdan foydalanilmaganidan bexabarmiz. “Kann”da hamma davlatlar ham milliy pavilon ochishning uddasidan chiqa olmaydi. Biz u erda taniqli kinoprodyuser, distribyutorlar bilan muzokaralar olib borib, ularni O`zbekistonda kino uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirdik. Festivalda namoyish etilayotgan filmlarni, Kann shahriga tashrif buyurgan o`nga yaqin mutaxassis va ishtirokchilarni Toshkentda bo`lib o`tadigan “PROlogue” xalqaro kinofestivaliga jalb etdik. Qolaversa, “Uzbek film comission” tashkiloti orqali o`zbek kino salohiyati dun­yoga taqdim qilindi. Har yili ishtirok etib, yangiliklar, erishilgan natijalar bilan bo`lishish oson ish emas. O`ylaymanki, kelasi yil yangi natijalar bilan yana ishtirok etamiz.

— Xorij kinoijodkorlari bilan qanday shartnomalar imzolandi?

— Italiya, Avstraliya, Hindiston, Angliya, Ispaniya, Koreya kabi 20dan ortiq davlatlarning kinokompaniyalari bilan memorandumlar imzoladik. Bu shartnomalardan hech bo`lmaganda yigirma foizi amalga oshsa ham o`zbek kinosi uchun katta yutuq bo`ladi. Eng katta muvaffaqiyatimiz, bu – yosh kinoijodkorlarni xorijdagi institutlarga tajriba oshirishga yuborish memorandumi. Yosh kinoijodkorlarimiz orasida sinov e`lon qilib, munosiblarni tanlab, xorijga malaka oshirishga yuboramiz.

— O`zbekiston delegasiyasi Rossiyaning “Renovasio” kinokompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolabdi. Nega aynan klassikaga aylanib qolgan “Xo`ja Nasriddin” filmiga qo`l urilyapti?

— Xo`ja Nasriddin qahramoni rossiyalik kinoijodkorlarga qiziq bo`lgani bois uch yildan buyon film suratga olish niyati bilan yurishgan ekan. “O`zbekkino”ga ham murojaat qilishgan, biroq o`zbekistonlik hamkor topisholmagan. O`zbek paviloni ochilganidan xabar topib, taklif bilan chiqishdi. “Ijodiy guruhning ellik foizi o`zbek kinoijodkorlaridan bo`ladi”, deb shart qo`ydik. Boisi bu orqali tajriba almashishga erishamiz. Rozi bo`lishdi, memorandum imzoladik. O`zbekiston, Rossiya hamkorligidagi film bo`ladi, nasib etsa. Mazkur filmning tayyorgarlik jarayoni 3-4 oy vaqt oladi. Shu bois suratga olish ishlari kelasi yildan boshlanadi. Film­ning ssenariy muallifi va rejissyori Rossiyadan bo`lishi kutilyapti. O`zbek qahramonini dunyo standartlariga mos keladigan tarzda dunyoga olib chiqishmoqchi. Nega endi bunga qarshilik qilishimiz kerak? Mazkur loyihani ishga tushirilishi mamlakatimizga xorijiy investisiyaning jalb etilishiga yordam beradi.

— Mazkur filmga nega aynan Jan Reno taklif etildi?

— “Renovasio” kinokompaniyasi prodyuseri Georgiy Malkovning ta`kidlashicha, ssenariy fransuz aktyori Jan Renoga yuborilgan. Aktyor bu taklifni iliqlik bilan qabul qilgan. Dunyo yulduzlarini bir loyihada jam bo`lishi dunyo kinoprokatiga yo`l ochib beradi. Jan Reno, albatta, Xo`ja Nasriddin emas, boshqa rolga taklif etilgan. Xo`ja Nasriddin rolini kim o`ynashi haqida hali bir to`xtamga kelingani yo`q.

— O`zbek filmlari kinoprokatini xorijda ham yo`lga qo`yishning uddasidan chiqildimi?

— Masalan, turkiyalik, rossiyalik, marokashlik kinoijodkorlar “Skorpion” filmining taqdimotini o`tkazish va dunyo kino prokatini yo`lga qo`yish taklifi bilan chiqishdi. Bu borada ham kelishuvlar tuzdik. O`zbek kinoijodkorlariga dunyo tajribasi juda muhim. Yurtimizda etishmaydigan texnikalarni boshqa davlatlardan olib kelib, dunyo standartlariga mos ravishda film suratga olsak, nufuzli kinofestivallarda “A” kategoriyada ishtirok etishimizga imkon tug`iladi.

— Internetda “ayrim OAVlarda Rashid Malikovning “Sabot”, Muxlisa Azizovaning “Skorpion” va Rustam Melievning “Maqsad” filmlari “Kann”da namoyish qilinishi haqida yolg`on tarqatildi”, deya xabar chiqdi. Bunday mish-mishlarga nima sabab bo`ldi?

— Ijodkor va muxlis o`rtasidagi ko`prik, bu – jurnalist. Matbuot anjumanida aniq ma`lumot berishimizga qaramay, Kann xalqaro kinofestivali haqida tasavvurga ega bo`lmaganliklari bois noto`g`ri xabarlar tarqalgan.

— Kinematografiyani rivojlantirish markazi “Kann”da ishtirok etib, nima karomat ko`rsatdi?

— Hech bir ishda ilk qadamdanoq “durdona” yaratib bo`lmaydi. Buning uchun vaqt, bilim, dunyo tajribasi kerak. Biroq oldimizga qo`ygan maqsadimiz aniq, shu tomon intilyapmiz. Nasib etsa, tuzgan shartnomalarimiz bilan kelasi yildan karomat ko`rsatishga harakat qilamiz. Muhimi, dunyo kinosi bilan uzilib qolgan “ko`priklar”ni tiklab olsak, marra bizniki.

"Paralimpiadachilar singari yuqori natijalarga erishsak ajabmas"

Ra`no Shodieva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:


— “Kann”dan O`zbekiston yoshlar ittofoqi qoshidagi imkoniyati cheklanganlar yoshlar va bolalar markazi rahbari sifatida yangi g`oya bilan qaytdim. Aniqrog`i, imkoniyati cheklanganlar ham ishtirok etishi mumkin ekan. Kelasi gal “Kann”da markazimiz vakillari bilan xuddi paralimpiadachilar singari yuqori natijalarga erishsak ajabmas.


"Yuzma yuz muloqotlar etishmaydi"

Muxlisa Azizova, rejissyor:

— “Kann”ga bu yil uchinchi tashrifim. Bu yil rasmiy ravishda delegasiya a`zosi sifatida ishtirok etdim.

— Yosh ijodkor sifatida o`zingizga qanday yangi tajriba orttirdingiz?

— “Kann”dagi filmlarni tomosha qilganim, festival rahbarlari, prodyuser, ssenarist, aktyorlar bilan suhbatda bo`lganim, mahorat darslari katta tajriba yig`ishimga sabab bo`ldi. Ulardan Toshkentda o`tadigan “PROlogue” xalqaro kinofestivalini dunyo talabiga javob beradigan darajada o`tkazish sirlarini ham o`rgandik.

— Internetda rejissyorligingizdagi "Sorpion" filmi “Kann”da namoyish qilinar ekan”, degan yolg`on xabarlar tarqalganidan xabaringiz bormi?

— Yo`q. “Skorpion” filmining suratga olish ishlari hali davom etyapti. “Skorpion” “Kann” xalqaro kinofestivalida emas, milliy pavilonda distribyutorlarga katalog sifatida ko`rsatildi. Ular ham o`z tajribalarini biz bilan bo`lishishdi. Shu asosda filmni xalqaro talablarga javob beradigan tarzda montaj qilib, muxlislarga taqdim qilishni reja qildik. “Kann”dagi ishtirokimiz dunyo kino bozoriga qadam qo`yishimizga katta imkoniyat bo`ldi. Imzolangan memorandumlar doirasida birorta davlat bilan hamkorlikda film suratga olishni niyat qilib qo`ydim.

— “Kann”da o`zbek filmlarini namoyish qilish uchun kinoijodkorlarimizga nima etishmayapti?

— Avvalo dunyo kinoijodkorlari orasida O`zbekiston nomini tanitib olishimiz kerak. Filmlarni internet orqali yuborgandan ko`ra to`g`ridan to`g`ri muloqotda bo`lish festivalda qatnashish imkonini ta`minlaydi. O`zbek kinoijodkorlariga aynan kino bozordagi yuzma yuz muloqotlar etishmaydi.

"Qizil yo`lakchadan o`tdim, biroq..."

Akbarxo`ja Rasulov, aktyor: — Kann xalqaro kinofestivalini “Oskar”dan ham yuqori qo`yaman. Hech bo`lmaganda kino ko`rib ketish ham ijodkor uchun katta tajriba bo`la oladi. Va katta ish qilishga o`zida kuch topa oladi. Tashkilotchilardan talaba yoshlarni ham bir necha kunga “Kann”ga olib borib, tajriba, qo`shimcha bilim olishlariga imkon yaratishlarini so`ragan bo`lardim. Al-Buxoriy kabi allomalarimiz ham dunyo kezib bilim izlashgan-ku.

“Kann”dagi qizil yo`lakchadan o`tish nasib etdi. Lekin yaqin yillarda birorta filmning qahramoni sifatida shu yo`lakchadan o`tishni dilimga tugib qo`ydim. Buning uchun esa o`zimda o`z ustimda ko`proq ishlashga xohish sezyapman.

— O`zbek kinosidagi qaysi jihatlarni tahlil qildingiz?

— O`zbek kinosiga prodyuserlar etishmaydi. Boisi dunyo kinosida kino taqdirini ular hal qiladi. Prodyuserlar tajribasini o`rganishimiz va buni amalda qo`llashimiz kerak. Biroq yaqin yillarda xorij filmlarimiz O`zbkistonda suratga olinishiga ko`zim etyapti.

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar