AsosiyJamiyat

O`quvchilar uchun yangi maktab formasi yaratiladi

'O`quvchilar uchun yangi maktab formasi yaratiladi'ning rasmi

Mamlakatimiz umumta`lim maktablarida joriy o`quv yili yakunlanmoqda. Ta`lim sohasi mutaxassislari, o`qituvchilar oldida esa navbatdagi o`quv yiliga tayyorgarlik mas`uliyati turibdi. 2018/2019 o`quv yili o`zgacha boshlanishi kutilmoqda. Yangi o`quv yilidan barcha o`quvchilar uchun yagona maktab formasi joriy etiladi.

Xalqaro press-klub sessiyasida bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama etildi.

Ota-onalar, ularning farzandlari va o`qituvchilar xohish-istaklari inobatga olingan holda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan yagona maktab formasini yaratish bo`yicha taklif va tavsiyalar berilgan edi. O`tgan vaqt mobaynida bu borada aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi.

“O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi va Xalq ta`limi vazirligi tomonidan soha mutaxassislari va etakchi dizaynerlarni jalb etgan holda maktab o`quvchilari formalarining namunalari yaratildi. Yangi namunadagi formalar ota-onalar, o`qituvchilar va o`quvchilar, keng jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi. Ko`pchilik fikriga ko`ra, eng maqbul topilgan 10 turdagi maktab formasi tajriba-sinovdan o`tkazishga qo`yildi.

Sinov jarayoni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 91-umuta`lim va Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 4-umumta`lim maktabida davom etmoqda. Jarayonni sifatli tashkil etish maqsadida ota-onalar uchun so`rovnoma tarqatilgan. Yaqin kunlarda tajriba-sinovdagi formalarning qaysi biri maqbul ekani ushbu so`rovnomalarda bildirilgan fikrlar orqali aniqlanadi.

Mutaxassislar fikricha, maktab formasi nafaqat, tashqi ko`rinishi, bola organizmiga ta`siri, sifati, balki yosh avlodda vatanparvarlik hissini uyg`otuvchi vosita hamdir. Shu bois formalarni tanlashda ularning rangi, tabiiy xususiyati va ixcham dizayniga ham e`tibor qaratildi.

Maktab formasi 3 yosh guruhiga bo`lingan holda tanlanishi ko`zda tutilmoqda. 1-4, 5-8 va 9-11 sinf o`quvchilari uchun alohida-alohida formalar yaratilgan.

Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar tajriba-sinovdagi formalar barchaga manzur ekanini ta`kidladi. Ularning sifati yaxshiligi, materiali 100 foiz paxta xomashyosidan ekani ham maqsadga muvofiq.

So`rovnomalar va jamoatchilik yakuniy xulosasiga tayangan holda tanlangan maktab formalarini barcha maktablarga etkazish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga ko`ra, formalarni tikish jarayoniga chekka tuman va qishloqlardagi tikuvchilik sexlari jalb etiladi.

Ko`p farzandli ota-onalarning maktab formalarni xarid qilishi uchun qisqa muddatli kreditlar ajratilishi yo`lga qo`yilmoqda. Maktab formasi narxlarining ijtimoiy ommabop bo`lishi ta`minlanadi.

O`zA

    Boshqa yangiliklar