AsosiyJamiyat

Amerikada o`qishni istaysizmi?

'Amerikada o`qishni istaysizmi?'ning rasmi

Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida O`zbekistondagi AQSh elchixonasi tomonidan “Amerikada tahsil” deb nomlangan taqdimot o`tkazildi. Tadbirda AQShda o`qishga qiziquvchi yoshlar, talabalar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdi.

O`zbekiston Milliy kutubxonasi bilan Amerika Qo`shma Shtatlarining O`zbekiston Respublikasidagi elchixonasi o`rtasida imzolangan 2017-2022 yillarga mo`ljallangan memorandumda belgilangan vazifalarning ijrosini ta`minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda AQSh ta`lim tizimi haqida ma`lumotlar berildi.

Tadbirda so`z olgan Michigan universiteti o`qituvchilari Amerikada ta`limning o`ziga xosligi, Amerika oliy o`quv yurtlariga imtihon topshirayotgan chet elliklarga bo`lgan talablar va kirish imtihonlari uchun zarur bo`lgan TOEFL testini muvaffaqiyatli topshirish haqida gapirib berdi.

Taqdimotda xorijda ta`lim olish imkoniyatlari va shartlari, xorijiy davlatlar ta`lim tizimi, u erda ta`limni tugatgach, istiqboldagi imkoniyatlar bilan tanishtiruvchi suhbatlar va savol-javoblar bo`lib o`tdi. AQShda tahsil olish istagida bo`lganlar barcha ma`lumotlarni o`zida jamlagan buklet va tarqatma materiallarga ega bo`ldi.

Suhbat davomida ishtirokchilarga AQSh oliy ta`lim tizimi, abiturientlarga qo`yiladigan talablar, kerakli hujjatlar va ularni topshirish muddati, AQSh oliy o`quv yurtlarida ta`lim olish narxlari haqida so`z bordi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

    Boshqa yangiliklar