Farg`ona viloyati hokimligida O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 36 kishiga fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi, deb yozadi O`zA.
Shu yurtda yashab, uning to`laqonli fuqarosi sifatida ulkan o`zgarish va yangilanishlarga daxldorlik zavqini tuyishni so`z bilan ta`riflash mushkul. Fuqarolik pasportiga ega bo`lgan bir guruh yurtdoshlarimiz buni g`urur bilan izhor etmoqda.
Tadbirda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari qonun bilan kafolatlab qo`yilgani, fuqarolikka qabul qilish qonuniylik, insonparvarlik va ijtimoiy bag`rikenglik tamoyillari asosida amalga oshirilayotgani ta`kidlandi. Barcha islohotlar zamirida inson manfaatlari ustuvor ekani e`tirof etildi.

– Qirg`izistondan ko`chib kelib, Farg`ona shahrida yashayotganimizga 25 yil bo`ldi, – deydi Dilfuza Abdurazoqova. – O`zbekiston Milliy universitetida tahsil oldim. Shahardagi 7-umumta`lim maktabida ona tili va adabiyoti fanidan dars beraman. Fuqaroligim yo`qligi yuragimda armon edi. O`zbekiston fuqarosi bo`lishni orzu qilardim. Bugun ana shu orzuim ro`yobga chiqdi. Endi shu tabarruk yurtning teng huquqli fuqarosiman. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Bu juda katta ishonch. Uni oqlash uchun jonajon Vatanimiz taraqqiyoti yo`lida astoydil, fidoyilik bilan mehnat qilamiz.
Ha, fuqarolik pasportini olganlarning bugun quvonchi cheksiz. Ular shu yurtda yashash, uning fuqarosi bo`lish ulkan baxt ekanligini bot-bot takrorlamoqda.
– Vatanimiz pasporti men uchun juda qadrli, – deydi Farg`ona politexnika instituti talabasi Muslimbek Sharaev. – U menga bitmas-tuganmas kuch-quvvat beradi, yurtimiz kelajagi uchun mas`ul hamda daxldor ekanligimni eslatib turadi. Bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo`lish uchun bor kuch va salohiyatimni ishga solaman.






