Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi "Ashxobod sayilgohi"da “Baxtli bolalik” deb nomlangan tadbir bo`lib o`tdi.
Yashnobod tumani hokimligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Yashnobod tumani kengashi hamda "Ashxobod sayilgohi" ma`muriyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda 1,5 ming yoshlar va maktab o`quvchilari ishtirok etdi, deb yozadi O`zA.
– Tumanda istiqomat qiluvchi kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo`qotgan bolalar, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internati o`quvchilarining bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tizimli ishlarni yo`lga qo`yganmiz, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Yashnobod tumani kengashi raisi o`rinbosari Suhrob Jo`raev. – Bugungi tadbir ham yoshlarni sog`lom turmush tarzi talablari asosida tarbiyalash, bolalar orasida sportning ommaviy turlarini keng targ`ib qilish, ma`naviy hordiq chiqarishlariga ko`maklashish, ertangi kunga bo`lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bolalar sayilgohdagi attraksionlarda hordiq chiqardi. Konsert dasturi barchada ko`tarinki kayfiyat uyg`otdi.






