Jinoyat va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni jazolashdan maqsad – nafaqat jazo muqarrarligini ta`minlash, balki ularni qayta tarbiyalashdir.
– Jazo belgilangandan keyin qilmishidan to`g`ri xulosa chiqargan, tuzalish yo`liga o`tgan shaxslarga esa qonunchilikka binoan insonparvarlik tamoyili qo`llaniladi, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumani sudi sudyasi F.To`raxo`jaev. – Aniqroq aytganda, bunday shaxslar Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinadi.
Shu maqsadda Mirzo Ulug`bek tumanida sud tomonidan jazoga hukm qilingan yuzdan ortiq mahkumlar ishtirokida sayyor sud majlisi bo`lib o`tdi.
Jinoyat ishlari buyicha Mirzo Ulug`bek tumani sudi va tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash jazolariga sud tomonidan hukm qilingan mahkumlarni jazoni o`tashdan muddatidan ilgari ozod qilish to`g`risidagi 30 dan ortiq taqdimnoma ko`rib chiqildi.
Natijada haqiqatdan mehnatga halol munosabatda bo`lgan va jazo o`tashning tartib qoidalariga rioya etgan, ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan va uncha og`ir bo`lmagan, og`ir va o`ta og`ir jinoyatlarni sodir qilgan 28 nafar mahkum jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Sud majlisida ishtirok etgan boshqa mahkumlar uchun esa bu tadbir o`ziga xos saboq bo`ldi.






