Joriy yilning aprel oyida Bosh prokuraturada Sergeli tumanida joylashgan yotoqxonalardan birida yashovchi fuqarolar qabul qilindi.
Aniqlanishicha, fuqaro A.T. “Nova Universal” MChJ rahbari bo`la turib, O`zbekiston Respublikasi IIV balansida bo`lgan 9 qavatli yotoqxona binosini zamonaviy mehmonxona majmuasi qurish uchun 300 mln. so`m investisiya kiritish sharti bilan tender tanlovida “nol” qiymatda sotib olgan.
“Nova Universal” MChJ va Davlat mulk qo`mitasi Toshkent shahar boshqarmasi o`rtasida 15.09.2005 yilda yotoqxona binosining oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. A.T. investisiya majburiyatlarini bajarganligi haqida hujjatlarni soxtalashtirib, 08.01.2007 yilda binoga egalik huquqini beruvchi 2-sonli davlat orderini olgan.
Shundan so`ng, A.T. ushbu yotoqxonaning uy-joy fondiga kiritilmagan 27 ta xonadonni fuqarolarga hujjatlarini keyinchalik tegishli tartibda rasmiylashtirishga va`da berib, 103.416.000 so`mga sotib yuborgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Sergeli tuman sudining 04.04.2011 yildagi hukmiga ko`ra, A.T. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, sud hukmi bilan sudlanuvchidan jabrlanuvchilar foydasiga 103.416.000 so`m zarar summasi undirilgan. Biroq, jabrlanuvchilar olingan xonadonlarga nisbatan mulk huquqini qonuniylashtirishni talab qilib, ushbu pul mablag`ini olishni rad etgan.
Bosh prokuratura aralashuvidan so`ng qayd etilgan oilalarni uy-joy bilan ta`minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.






