Vazirlar Mahkamasining 29.05.2018 yildagi 398-son qarori bilan turistik yig`imni undirish va turizm faoliyatini lisenziyalash tartibini belgilovchi hujjatlarga tegishli qo`shimchalar kiritildi, deb yozadi Norma.
Xorijiy fuqarolarni joylashtirish vositalarining turi va toifasiga qarab turistik yig`imning tabaqalashtirilgan stavkalarini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida ilgari yozgan edik. Ular o`zgartirishsiz qabul qilindi, ular bilan bu erda tanishish mumkin. 16 yoshga to`lmagan bolalar turistik yig`im to`lashdan ozod qilindi.
Shuningdek mustaqil sayohat qiladigan, palatkali lagerlar va tunash uchun joylashtirish vositalariga qayta jihozlangan er usti transportida yashaydigan xorijiy fuqarolar uchun turistik yig`im o`z vaqtida yoki to`liq to`lanmaganligi uchun javobgarlik joriy etildi. Ko`rsatilgan shaxslar O`zbekistondan chiqishda yig`imning to`lanmagan qismi uchun 10 baravari, ya`ni EKIHning 50%i miqdorida (yig`im EKIHning 5%ini tashkil etadi – tahr.) jarima to`laydilar.
Shuningdek joylashtirish vositalari va davolash muassasalari undiradigan turistik yig`im summalari ularning tushumi (foydasi) deb hisoblanmasligi hamda ularga foyda solig`i, YaST, boshqa majburiy yig`imlar va to`lovlar solinmasligi aniqlashtirildi. Eslatib o`tamiz, turistik yig`imlar summasi to`liq hajmda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi huzuridagi Turizm sohasini qo`llab-quvvatlash jamg`armasining maxsus hisobraqamlariga o`tkaziladi.
Turizm faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziya talablari ko`paydi
Har yili 500 nafardan ortiq turistga xizmat ko`rsatilganda endi turoperatorlar, turizm agentliklari, ekskursiya tashkilotlari va turfirmalar lisenziya olish uchun mavjud ro`yxatga qo`shimcha ravishda elektron to`lovlar, bron qilish, ekvayring (ya`ni xizmatlar haqi to`lanishi uchun bank kartalarini qabul qilish) kabi xizmatlar ko`rsatuvchi ko`p tilli veb-saytga ega bo`lishlari shart.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 1.06.2018 yildan kuchga kirdi.






