2018 yil 19–23 iyun kunlari Samarqand shahrida ilk marotaba umumiy o`rta ta`lim maktablarining 10–11-sinf o`quvchilari o`rtasida fizika va astronomiya fanlaridan Mirzo Ulug`bek nomidagi xalqaro olimpiada o`tkaziladi.

Yurtimizda ushbu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil mart oyida Samarqand shahriga qilgan tashrifi davomida mahalliy aholi faollari bilan uchrashuvda ilgari surilgan edi.

Mirzo Ulug`bek nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etishdan ko`zlangan asosiy maqsad buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizasiyasi rivojiga qo`shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ`ib etish, iqtidorli o`quvchilar uchun xorijiy mamlakatlardagi tengdoshlari bilan do`stona raqobat muhitini yaratishdan iborat.

Mustaqillik yillarida iqtidorli o`quvchilar 50 dan ortiq turli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, 300 ga yaqin medalni qo`lga kiritgan bo`lsada, biroq shu kunga qadar O`zbekiston o`zining nufuzli xalqaro olimpiadasiga ega bo`lmagan. Samarqandda o`tkazilayotgan ushbu xalqaro olimpiada tarixning yangi sahifasi bo`lib, mamlakatimizning dunyo hamjamiyatida nufuzi tobora ortib borayotganini ko`rsatadi.

Mirzo Ulug`bek nomidagi xalqaro olimpiadada dunyoning qator davlatidan iqtidorli o`quvchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Unda har bir ishtirokchi davlatdan 6 nafar o`quvchi (3 nafari fizika, 3 nafari astronomiya fanidan) hamda ikki nafar jamoa rahbaridan iborat guruh ishtirok etishi belgilangan.
Xalqaro olimpiada ikki bosqichda: nazariy va eksperimental bosqichda o`tkazilib, olimpiada materiallari o`zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanadi.
Hakamlar hay`ati fizika va astronomiya fanlaridan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, MDH davlatlarining professor-o`qituvchilari va yurtimizning tajribali olimlari, mahoratli amaliyotchi o`qituvchilaridan iborat.
.
Xalqaro olimpiada ishtirokchilariga yurtimizning turizm salohiyati namoyish etilib, Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, madaniy-ma`rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Ushbu xalqaro olimpiadada g`olibliklikni qo`lga kiritgan o`zbekistonlik o`quvchilar oliy ta`lim muassasalariga imtiyozli o`qishga kirish huquqini qo`lga kiritadi.
Mazkur xalqaro olimpiada keyinchalik ikki yilda bir marotaba umumta`lim muassasalarining 10–11-sinf o`quvchilari o`rtasida o`tkaziladi.
Xalq ta`limi vazirligi
Matbuot xizmati






