Barcha oliy ta`lim muassasalarida talabalar, ota-onalar, Yoshlar ittifoqining oliy ta`lim muassasalaridagi faollari, kadrlar buyurtmachilari, professor-o`qituvchilar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat tarkibda jamoatchilik kengashlari tashkil etiladi.
Bu haqda Prezidentning 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” qarorida nazarda tutildi.
Quyidagilar jamoatchilik kengashlarining asosiy vazifalari etib belgiladi:
Ta`lim sifati, professor-o`qituvchilarning bilimi va pedagogik mahorati, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring o`rnatish;
Oliy ta`lim muassasalariga professor-o`qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar bo`yicha tavsiyalar berish;
Talabalarning murojaatlarini ko`rib chiqish, ularning pedagog kadrlar haqidagi fikrini to`liq o`rganish maqsadida ijtimoiy so`rovlar o`tkazish;
Oliy ta`lim muassasasidagi ta`lim jarayonini takomillashtirish bo`yicha takliflar tayyorlash va muassasaning tegishli kengashi muhokamasiga kiritish.
Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkiliy jihatdan ta`minlash Yoshlar ittifoqining oliy ta`lim muassasasidagi etakchisi tomonidan amalga oshiriladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga tasarrufida oliy ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oliy ta`lim muassasalari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish tartibi to`g`risidagi namunaviy nizomni ishlab chiqish yuklatildi.






