Oliy ta`lim muassasalarida “talabaning o`zlashtirish darajasi – professor-o`qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyili joriy etiladi.
Prezidentning 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida nazarda tutildi.
Qarorga ko`ra, 2019 yil 1 martgacha bo`lgan muddatda 2019/2020 o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalarida “talabaning o`zlashtirish darajasi – professor-o`qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyilini joriy qilishning aniq mexanizmlarini belgilash bo`yicha tegishli chora-tadbirlar ko`riladi. Bunda ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o`qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo`lgan choralar belgilanadi.
Shuningdek, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:
oliy ta`lim muassasalariga professor-o`qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilish tegishli kafedraning kengaytirilgan ochiq majlisida pedagog kadrlar va jamoatchilik kengashining a`zolari ishtirokida sinov darsi o`tkazish natijalari bo`yicha ushbu majlisning tavsiyasiga ko`ra amalga oshiriladi.






