O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub`ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakolatli vakil va O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining mas`ul xodimlari ishtirokida joriy yilning may oyi uchinchi dekadasi va iyun oyi birinchi dekadasi davomida viloyatlarda tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatidagi muammolarni o`rganish, ularga amaliy ko`mak berish maqsadida joylarda uchrashuvlar tashkil etildi. Bu haqda SSP Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ishchi guruh 21–31 may kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida bo`lib, tadbirkorlar tomonidan ko`tarilgan muammo va o`z echimini kutayotgan masalalar yuzasidan o`rganishlar olib bordi va ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarning aksariyati quyidagi sohalarda vujudga kelayotgani aniqlandi:
41,6 % – bo`sh turgan bino-inshootlarni “nol” qiymatda olish, auksion savdolarida ishtirok etish, er ajratilishi;
32,2 % – bank-moliya, kredit, garov ta`minoti;
10,6% – xom-ashyo resurslarini sotib olish, birja savdolarida ishtirok etish;
4,3% – kommunikasiya tizimiga ulanish, arxitektura va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish;
2,7% – qonunbuzarlik, mansab vazifasini suiste`mol qilish, mahalliychilik, ta`magirlik va korrupsiya;
1,6% – ruxsatnoma va lisenziyalar, noqonuniy aralashuv;
7,1% – boshqa muammolar
Xabarda keltirilishicha, ko`tarilgan muammolarni o`z vaqtida hal etish yuzasidan zarur choralar ko`rish bo`yicha vazifalar belgilab olingan.
Ma`lumot o`rnida, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yil 5 yanvarida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, tadbirkorlarning muammolarini o`rganish va bartaraf etish bo`yicha Toshkent viloyati tajribasini ommalashtirish bo`yicha topshiriqlar bergan edi.






