Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov facebook’dagi sahifasida poytaxt metrosi haqida va yoshlikdagi xotiralarini yozib qoldirdi.
Shuningdek, Komil Allamjonov fikrining so`nggida Toshkent metropolitenida fotosurat va videoga tushirishga rasman ruxsat berilganini xususida alohida to`xtalgan.
"Chin yurakdan Toshkent metrosini dunyodagi eng chiroyli metro deb hisoblayman. Esimni tanibmanki, hamisha metromizning naqshlari, me`moriy echimlari va gumbazlarini qiziqish bilan kuzataman. Televidenieda ishlashni boshlagan kezlarim, 17 yoshimda, metroda ko`p yurganman.
Kunning bir muhim vaqti bor edi – tungi 12-03. Men shu vaqtgacha Navoiy stansiyasigacha yugurib etib olishim, oxirgi poezdga ulgurishim kerak edi. MTRK Paxtakor stansiyasi yonida joylashgan bo`lib, ko`pincha shu stansiyaga tushib, bor kuchim bilan yugurardim, axir ulgurmasam, eshiklar taraqlab bekilib qolishi mumkin edi. Metro grafigi meni durustgina yugurishga ham o`rgatib qo`ygandi.
Men Beruniy stanisiyasigacha borardim. Bo`shgina vagonda besh yoki olti yo`lovchi bo`lardi xolos. Ko`pincha yo`lda uxlab qolardim. Uyg`otgich vazifasini esa «Beruniy – oxirgi bekat» degan ovoz bajarardi. Sakrab turib, metrodan chiqardim. Keyin esa 4 tagacha hamroh to`plab oladigan taksiga o`tirardim. Ertalab ham shu yo`nalishda harakatlanardim, yagona farqi metrogacha trolleybusda kelardim. Tunda trolleybuslar yurmay qo`ygan bo`lardi-da. Uyga etib olgach, ovqatlanishga-da holim qolmay, to`shakka yiqilardim va o`sha zahoti uxlab qolardim. Ko`p yillar shunday rejimda ishladim.
Metroda atrofni tomosha qilishga oshno edim – turfa nigohlar, hayot tarzi va dunyoqarashga ega odamlar oqimi o`ziga maftun etardi. Turli chexralar, xursand va xorg`in, sertashvish va muammosiz. Menga kuzatish, o`ylash, fikrlash yoqardi. Metroning g`ovur-g`uvuri, muhiti, o`ziga xos hidi – o`sha paytga tegishli sinov va tajribalarim, umid va orzularim davrining muhim belgilaridan. Men ba`zida stansiyada soatlab o`tirardim va bu menga doim yoqardi".
Afsuski, menda o`sha paytlardan esdalik suratlar yo`q. Ammo bugungi davr suratlari paydo bo`ldi. Men Toshkent metrosining go`zalligi va hashamati nafaqat xotiralarimizda, balki ko`plab foto va videolarimizda muhrlanib qolishidan xursandman. Suratga olish g`oyalari uchun qanday zo`r kenglik-a!"






