5 iyun kuni Markaziy Osiyoning ekologiya sohasidagi bu yilgi eng yirik tadbirlaridan birining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. O`zbekiston Hukumati, O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi “Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi 2018”ni ochiq deb e`lon qilishdi.
O`zbekiston bosh vaziri o`rinbosari Nodir Otajonov o`z chiqishida Markaziy osiyo davlatlari duch kelayotgan tahdidlar mintaqaviy xususiyatga ega ekanini ta`kidladi. Atrof-muhit ifloslanishi, iqlim o`zgarishi, suv resurslarining etishmovchiligi, qurg`oqchilik Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishini xavf ostiga qo`ymoqda. Janob Otajonovning so`zlariga ko`ra, sa`y-harakatlar, bilimlar, resurslar tegishli darajada birlashtirilmasa, mintaqa mamlakatlari ushbu tahlikalarga nisbatan qarshi javoblarni ishlab chiqishi qiyin bo`ladi.
Janob Otajonov forum davlatlarning muloqotlarni yangi darajada davom ettirishlariga zamin yaratishiga ishonch bildirdi: «Bugungi tadbirda ham etakchi ekspertlar, ham Markaziy Osiyo diplomatik korpusi vakillarining faol ishtirok etishi muloqotimizni sezilarli darajada boyitishga imkoniyat bermoqda. Muhokama etilayotgan masalalarga turfa nuqtai nazarlar bilan qarash, muhokama pozisiyalarini yaqinlashtirishga ham. Barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyatli va samarali ishlashlarini tilab qolaman».
MOHEFning asosiy vazifasi bu yilgi forumning bosh mavzuida o`z aksini topgan - «Atrof-muhitni muhofazalash va barqaror taraqqiyot sohasida hamkorlikni mustahkamlash». 5-8 iyun kunlari forum taqdimot va muhokamlar tartibida o`tkaziladi. MOHEF 2018ning asosiy asosiy mavzu yo`nalishlari quyidagilardan iborat: qo`riqlanadigan tabiiy hududlarning bioxilma-xilligini saqlash va ularning tarmog`ini rivojlantirish; qattiq maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish; kayta tiklanuvchi energiya manbalari va energosamaradorlik.

Yana shuni ham ta`kidlash kerakki, 8 iyun kuni MOHEF 2018 doirasida Toshkent shahrida MOMEM- TIQXMMIning suv resurlarini boshqarish masalalari bo`yicha Innovasiyalar va ilmiy tadqiqotlar klasterining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tadi. Mazkur klaster Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi hamda Toshkent Irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutining suv-er resurslarini boshqarish va erdan foydalanish borasidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bo`yicha sa`y-harakatlarini birlashtiradi.
MOHEF 2018 ning ikkinchi kuni, ya`ni 6 iyun tongida o`tkazilgan plenar sessiyasida forum ishtirokchilari bioxilma-xillikni saqlash bo`yicha o`tkazilgan sessiyalar mobaynida aytib o`tilgan ma`lumotlarning ahamiyatini ta`kidlashdi. Markaziy Osiyo va Afg`oniston mamlakatlari delegasiyalari vakillari forumdan keyin muloqot va hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Bugun, ya`ni forumning ikkinchi kunida qattiq maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish, qayta tiklanadigan energiya manbalari, mazkur sohalarda huquqiy va institusional asoslar, ilmiy hamkorlik va eng oldi amaliyotlar hamda davlat-xususiy sherikchiligi masalalari muhokama etildi.
Dilfuza Sobirova






