Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Xitoydan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi mas`uliyati cheklangan jamiyat nomiga ikkita konteynerda kirib kelgan polipropilen tovarini bojxona nazoratidan o`tkazishdi.
Mazkur korxona tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga ko`ra konteynerlarda plastik mahsulotlar ishlab chiqarishda ko`llaniladigan 40 tonna polipropilen bo`lishi lozim edi. Ammo ko`rik jarayonida mazkur tovar o`rniga hujjatlarda ko`rsatilmagan, sirtdan polipropilenga o`xshab ketadigan, qiymati 351 mln so`mlik, 35 tonnadan ortiq bo`lgan natriy xlorid, ya`ni sodda qilib aytganda tuz ortilgani aniqlandi.

Agar hujjatlarga asoslanilsa, 40 tonna polipropilen uchun 40 mln. so`m atrofida bojxona to`lovlari hisoblanardi. Ammo, konteynerlarga yuklangan natriy xloridning bojxona to`lovlari 177 mln. (agar ushbu tovarga tegishli kelib chiqish sertifikati taqdim etilganda 129 mln.) so`mni tashkil etardi. Ko`rinib turibdi-ki, bu usul bilan qonunbuzarlar 137 mln. so`m atrofidagi bojxona to`lovlaridan bo`yin tovlashgan.
Mazkur holat bo`yicha bojxona organlari tomonidan mazkur korxonaning rahbariga nisbatan tegishli prosessual hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






