AsosiyJamiyat

Nogironligi bo`lgan shaxslar oliy ta`lim muassasalariga qo`shimcha kvota bo`yicha davlat granti asosida qabul qilinadi

'Nogironligi bo`lgan shaxslar oliy ta`lim muassasalariga qo`shimcha kvota bo`yicha davlat granti asosida qabul qilinadi'ning rasmi

Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-son qaroriga muvofiq 2018/2019 o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalariga abiturientlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi bo`lgan shaxslar uchun qo`shimcha ravishda ikki foizli kvota ajratish tartibi joriy etilgan edi.

2018 yil 2 iyundagi Oliy ta`lim muassasalariga nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`shimcha davlat granti kvotalari asosida o`qishga qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori bilan qo`shimcha ikki foizli davlat granti kvotalarining taqsimot qilish tartibi belgilandi.

Qarorga ko`ra nogironligi bo`lgan shaxslar uchun qo`shimcha ikki foizli kvotalarining taqsimoti oliy ta`lim muassasalari tomonidan shakllantiriladi.

Oliy ta`lim muassasalariga nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`shimcha kvota asosida o`qishga qabul qilish toifasiga umumiy o`rta ta`lim yoki o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi to`g`risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma`lumotnomaga ega shaxslar kiradi.

Qabul jarayonida oliy ta`lim muassasasi va O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining hududiy boshqarmasi vakillaridan iborat tarkibda oliy ta`lim muassasasida nogironligi bo`lgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tashkil etiladi.

Abiturient oliy ta`lim muassasasining qabul komissiyasiga taqdim etishi lozim bo`lgan xujjatlarga qo`shimcha ravishda nogironligi bo`lgan shaxslar nogironlikni tasdiqlovchi hujjatning aslini shaxsan (yoki ishonchli vakili tomonidan) ko`rsatgan holda, nusxasini taqdim etishi talab etiladi.

Qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonlari o`tkaziladigan bino va auditoriyalarda nogironligi bo`lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Nogironligi bo`lgan shaxslar tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo`yicha belgilangan tartiblarga muvofiq topshiriladi.

Kirish imtihonlarida to`plash mumkin bo`lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo`lmagan ball to`plagan nogironligi bo`lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat`iy rioya etilgan holda, qo`shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

    Boshqa yangiliklar