"Vaqf" xayriya jamoat fondi Toshkent shahridagi 12 ta masjidga hamda Zangiota majmuasiga tijorat banklari bilan hamkorlikda xayriya, vaqf, zakot, ushr, fitr va fidya to`lovlarni amalga oshirish uchun infokioskalar o`rnatdi. Bu haqda musulmonlar idorasi ma`lum qildi.
Fond "Kapitalbank" va "Ipak yo'li banki" bilan hamkorlikda poytaxtimizning 12 ta masjidiga naqd pul yoki plastik karta orqali doimiy to`lovlar bilan birgalikda musulmonlarga farz bo`lgan zakot va boshqa xayriya to`lovlarini amalga oshirish uchun infokioskalar o`rnatdi.
Infokioskalar o`rnatilgan masjidlar ro`yxati:
1. Hazrati Imom masjidi
2. Minor masjidi
3. Shayx Zayniddin masjidi
4. Mirza Yusuf masjidi
5. Novza masjidi
6. Shayx Ziyoviddin masjidi
7. Bo`rijar masjidi
8. Abdulloh ibn Mas`ud masjidi
9. Katta Qozirabot masjidi
10. Imom Buxoriy masjidi
11. Rakat masjidi
12. Xo`ja Alambardor masjidi
Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi Zangiota majmuasida ham infokioska o`rnatilgan bo`lib, ushbu infokioskalar yurtimiz musulmonlariga moliyaviy ibodatlarini bajarishda va xayr-saxovat qilishda ko`makchi bo`ladi.
Infokioskalar orqali zakot va boshqa mablag`larni o`tkazish tartibi:
Kerakli tillardan birini tanlab, to`lov xizmatlari tugmasini bosing. Sizga turli to`lov xizmatlari, jumladan, "VAQF Xayriya", "VAQF zakot, fidya, fitr, ushr” va "VAQF vaqf” xizmatlari ham taklif etiladi. Kerakli bo`limni tanlab bank kartasi yoki naqd pul bandlaridan birini tanlaysiz. Kerakli summani kiritasiz. Shu bilan to`lovingiz "Vaqf" xayriya jamoat fondining kerakli bo`limi kelib tushadi hamda shariatda ko`rsatilgan o`rinlarga etkazilishi ta`minlanadi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi "Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi PF-5416-son Farmoni bo`yicha tashkil etilgan bo`lib, u o`z oldiga masjidlar va diniy ta`lim muassasalarining binolarini qurish, ta`mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o`quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo`ygan.






