AsosiyJamiyat

Sankt-Peterburgda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrab-avaylash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati tuzildi

'Sankt-Peterburgda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrab-avaylash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati tuzildi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 6-8 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “O`zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro Kongressi o`tkazildi. Kongress davomida Sankt-Peterburgdagi bir qator muzeylar va madaniyat muassasalarda O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan ko`rgazmalar tashkil etildi.

Kongressning asosiy tadbiri Rossiya Fanlar akademiyasining Maksim Gorkiy nomidagi Olimlar uyida O`zbekiston va dunyo olimlari dunyoning turli hududlarida saqlanayotgan o`zbek madaniyatining bebaho durdonalari, ularning tarixi, o`rganilishi, o`ziga xos jihatlari to`g`risidagi qimmatli ma`lumotlardan iborat ma`ruzalar qilishdi.

8 iyun kuni “O`zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro Kongressi yakunlariga ko`ra, Sankt-Peterburgda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrab-avaylash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyatini tuzish haqida rezolyusiya qabul qilindi. Unda Jamiyatning maqsad va vazifalari belgilangan, uning ilmiy kengashi raisi va a`zolari saylangani bayon etilgan.

O`zbekiston madaniy merosini saqlash, o`rganish va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyatining Ilmiy kengashi raisi etib O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze saylandi.

Butunjahon jamiyatning ilmiy kengashi a`zolariga O`zbekiston va xorij mamlakatlarining etakchi olimlari, jumladan, Irina Popova, Efim Rezvan, Akbar Hakimov, Shokir Pidaev, Aleksandr Naymark, Rustam Sulaymonov va boshqalar kiritildi.

Jamiyatning ilmiy kengashi faoliyatida va uning vazifalarini amalga oshirishda Hukumat hamkorlik qiladi. Jamiyat raisligiga “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” eksklyuziv multimedia loyihasining muallifi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Firdavs Abduholiqov bir ovozdan saylandi.

Jamiyatning boshqaruv a`zolari etib Pavel Lure, Sergey Laptev, Kamola Oqilova, Krista Pikkat singari olim va tadqiqotchilar saylandi.

Butunjahon jamiyatining tashkil etilishi olimlar, tadqiqotchilar, kolleksionerlar, OAV vakillari hamda O`zbekiston madaniy merosini shunchaki qadrlovchi kishilarga faol hamkorlik qilish imkonini beradi. Jamiyat butun dunyo bo`ylab o`tkaziladigan xalqaro tadbirlar, ko`rgazmalar, taqdimotlar, madaniy forumlar tashkil etish bilan, shuningdek, dunyo muzeylarida saqlanayotgan o`zbek madaniy merosiga aloqador buyumlar va artefaktlarni o`rganish bilan shug`ullanadi.

Eslatib o`tamiz, mazkur tashabbus ilk bor 2017 yilning may oyida Toshkent va Samarqandda bo`lib o`tgan “O`zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” Xalqaro Kongressida ma`lum qilingandi. Kongressning 300 nafardan ziyod ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan yakuniy deklarasiyada Butunjahon jamiyatni tuzish zaruriyati haqida so`z borgandi.

    Boshqa yangiliklar