O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash Jamg`armaning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Jamg`arma mablag`lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
- Jamoat ishlari jamg`armasidan va Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasidan ajratiladigan tegishlicha 350 milliard so`m hamda 150 milliard so`m miqdoridagi bir martalik beg`araz moliyaviy yordam;
- auksion savdolarida fuqarolarga er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini sotishdan tushadigan tushumning 10 foizi;
- xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari;
- mablag`larni depozit hisob raqamlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
Jamg`arma mablag`lari quyidagi vazifalarni bajarishga yo`naltiriladi, jumladan:
- fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalariga 3 yil muddatga, shu jumladan 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 2 foizlik bank marjasini hisobga olgan holda yillik 7 foiz stavkada kreditlar berish uchun AT «Mikrokreditbank», AT «Agrobank» hamda O`zbekiston Respublikasi «Xalq banki»ga resurslar joylashtirishga;
- tijorat banklari orqali Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi bo`yicha 2 foiz bank marjasini hisobga olgan holda «Tomorqa xizmati» MChJ, qishloq xo`jaligi sohasidagi boshqa ishlab chiqarish, qayta ishlash, tayyorlash, ta`minlash, savdo tashkilotlari hamda lizing kompaniyalariga moddiy-texnik bazani mustahkamlash, qishloq xo`jaligi texnikasi va transport sotib olish, fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalarining issiqxonalarini qurish uchun materiallar va butlovchi qismlar xarid qilishga kreditlar berishga;
- aylanma mablag`larga muhtoj bo`lgan «Tomorqa xizmati» MChJlarning ustav fondini 25 foizdan kam bo`lmagan miqdorda shakllantirishga;
- fermer, dehqon xo`jaliklariga investisiyalarni jalb qilish va tomorqa erlarni rivojlantirishga hamda innovasion loyihalarni amalga oshirish bilan bog`liq boshqa yo`nalishlarga.
Tijorat banklariga resurslar ajratish uchun Jamg`arma va bosh tijorat banki o`rtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bosh kelishuv tuziladi.
Jamg`arma tomonidan AT «Mikrokreditbank», AT «Agrobank» hamda «Xalq banki»ga resurs ajratish bo`yicha bosh kelishuvda ushbu mablag`lar tijorat banklari tomonidan fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalariga 3 yil muddatga, shu jumladan, 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 2 foizlik bank marjasini hisobga olgan holda yillik 7 foiz stavkada kreditlar berish uchun resurs sifatida ishlatilishi alohida kelishib olinadi.






