AsosiyJamiyat

Maktablarda remont uchun pul yig`ilishi to`g`rimi?

'Maktablarda remont uchun pul yig`ilishi to`g`rimi?'ning rasmi

Farzandi maktabga boradigan har qanday ota-onaga turli pul yig`imlari masalasi juda yaxshi tanish. Sinf fondi, maktab fondi, ta`mirlash, obuna, metallolom va hokazo uchun bir yilda ancha-muncha summa berib qo`yiladi. Hech bir mezonlarda ko`rsatilmagan va hech qaerda qayd qilinmaydigan ushbu mablag`larni ota-onalardan talab qilish qonuniymi? Shunday sharoitda fuqarolar qanday yo`l tutishlari kerak?

Savol: Maktab o`quvchilar va o`qituvchilardan ta`mirlash uchun pul talab qilishga haqlimi? Maktabda 1200 nafar o`quvchi o`qiydi, 25 ta o`qituvchi dars beradi. O`quvchilardan 15 000 so`m, o`qituvchilardan 10 000 so`mdan mablag` yig`ib olinyapti. Yana ota-onalarning ayrimlari ko`ngilli ravishda homiylik yordami sifatida qurilish mollari ham keltirib beryaptilar. Bu yig`ilgan pullar maktabning hisob raqamiga o`tkaziladimi yoki maktab rahbarlarinng cho`ntagiga borib tushadimi?

Maktablar va boshqa ta`lim muassasalari tomonidan ta`mirlash uchun o`quvchi va o`qituvchilardan pul yig`ilishi noqonuniy hisoblanadi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.

Konstitusiyaning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi va bepul umumiy ta`lim davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan.

Ayrim ota-onalar bu pulni og`rinmay bersa-da, ko`pchilikda norozilik tug`iladi. Lekin atrofdagilarning bosimi va farzandiga o`qituvchining munosabati o`zgarmasmikan degan o`y bilan ota-onalar ushbu asossiz to`lovlarga rozi bo`ladi.

«Ta`lim to`g`risida»gi Qonunda jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e`tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O`zbekiston hududida qancha vaqt yashayotganidan qat`i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanishi belgilangan.

Aslida maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan etarlicha mablag` ajratiladi. Prezidentning 2017 yil 24 avgustdagi qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Ta`lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg`armasi tashkil etilgan.

Mazkur jamg`armaning asosiy vazifalaridan biri umumta`lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik liseylarni, shu jumladan, idoraviy bo`ysunuvdagi, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta`mirlash, jumladan, zarur hollarda o`quv korpuslarini o`quv ustaxonalari va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarni hamda boshqa infrastruktura ob`ektlarini barpo etish bo`yicha ishlarni moliyalashtirish hisoblanadi.

Umumiy o`rta ta`lim to`g`risida nizomga muvofiq maktablar faoliyatini moliyalashtirish tegishli xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.

"O`zbekiston Respublikasida umumiy o`rta ta`limni tashkil etish to`g`risida"gi 1998 yil 13 mayda qabul qilingan Hukumat qaroriga muvofiqXalq ta`limi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 avgustga qadar maktablar moddiy-texnika bazasini tayyorlashni, o`quvchilar uchun zarur sanitariya-maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratilishini ta`minlashi zarur.

Shunday ekan, ajratilgan mablag`larning o`z manziliga to`liq etib borishida nafaqat davlat nazorat organlari, balki jamoatchilik, xususan, ota-onalarning ham hushyorligi va masalaga mas`uliyat bilan yondashuvi talab etiladi. Pul so`ralganda asos talab qilish, ajratilayotgan mablag`lar qaerga ketayotgani bilan qiziqish, zarur o`rinlarda tegishli organlarga murojaat qilish orqali ota-onalar jamoasi mazkur maishiy korrupsiyaga qarshi qonuniy yo`l bilan kurashishlari va ushbu illatga uzil-kesil barham berilishiga hissa qo`shishlari mumkin.

    Boshqa yangiliklar