AsosiyJamiyat

Yuris Smalinskis: “Inson va inson qadami etmagan tabiat – O`zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun qiziqarli mavzu”

'Yuris Smalinskis: “Inson va inson qadami etmagan tabiat – O`zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun qiziqarli mavzu”'ning rasmi

Turistlar orasida hali mashhur bo`lmagan joylar orasida O`zbekistonning tabiati muhofaza qilinadigan hududlari ham bor. Turistlar uchun ularni yanada o`ziga jalb etuvchi va qulay qilish uchun nimalar qilish kerakligi haqida “Uzbekistan Tudey” muxbiri Tabiati muhofaza qilinadigan hududlar sohasida turizmni rivojlantirish bo`yicha xalqaro ekspert Yuris Samlinskis bilan suhbatlashdi.

Yuris Smalinskis – xalqaro ekspert, Latviya qishloq turizmining assotsiasiyasi xodimi. Yuris Latviya universitetining biologiya bo`yicha magistr darajasiga ega, Latviya Iqtisodiyot vazirligi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish Vazirligining tabiati muhofaza qilinadigan hududlarda turizm masalalari bo`yicha maslahatchi, gidlik bo`yicha katta tajribaga ega. 2003 yildan beri Vidzem amaliy fanlar universitetida tabiati muhofaza qilinadigan hududlarda turizm, ekologik turizm va barqaror turizmni rivojlantirish sohalarida intizom fanidan ma`ruza o`qiydi. Yuris 250 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalar, shuningdek, 50 dan ortiq turistik qo`llanma va xaritalarning muallifi, ko`plab kitoblarga hammuallifdir. Sayohatchi sifatida Smalinskis 60 ta mamlakatda, jumladan, Qozog`iston, O`zbekiston, Tojikiston va Qirg`izistonda bo`lgan. Yuris O`zbekistonga birinchi marta kelgani yo`q. Birinchi marta u taxminan o`n yil muqaddam biolog sifatida yurtimizga kelgan, bizning cho`l ekotizimlari bilan qiziqqan. Bu safar u Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun biznes uyushmalari orqali qishloq va ekoturizmni mustahkamlash loyihasi doirasida tabiati muhofaza qilinadigan hududlarda turizmni rivojlantirish bo`yicha trener sifatida keldi va O`zbekiston xususiy turistik tashkilotlari assotsiasiyasi tomonidan tashkil etilgan treninglarni o`tkazdi.

– Turist, sayyoh sifatida men O`zbekistondagi keng ko`lamli o`zgarishlarga guvoh bo`ldim. Mamlakatga avvalgi tashrifim bilan solishtiradigan bo`lsak, birinchi qayd etiladigan jihat – bu viza rejimi, aeroportda bojxona nazoratidan o`tish turistlar uchun ancha soddaroq va qulayroq bo`ldi. Bu safar men ushbu tartib-qoidalar bilan bog`liq hech qanday noqulaylikni boshdan kechirmadim. Shaharda kardinal o`zgarishlar yuz bergan, shahar yangi tusga kirgan. Ehtimol, o`zbekistonliklar o`zgarmagandir, ular hamon mehmondo`st. Ushbu safar menga O`zbekistonni yangi tomondan ochib berdi. Tabiati muhofaza qilinadigan hududlarni boshqaruvchi vazirliklar va idoralar mutaxassislari uchun o`tkazilgan seminar-treninglar oldidan biz Ugom-Chotqol milliy tabiat parkida bo`ldik. Ajoyib manzaralar, go`zal tabiat, tabiati muhofaza qilinadigan hududlarda turizmni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar. Bu deyarli inson qo`li tegmagan tabiat. Va, albatta, mehmonnavozlik. Sizning taomlaringiz juda mazali, mevalaringiz sersuv va xushbo`y. Bir so`z bilan aytganda, dam olish sanoati rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar mavjud.

– Yuris, umuman olganda, turizm va tabiati muhofaza qilinadigan hududlar – bu tushunchalar dunyo tajribasi nuqtai nazaridan bir-biriga mosmi?

– Albatta, mos. Tabiati muhofaza qilinadigan hududlar uchun turizm atrof-muhitni muhofaza qilish choralari, hududlarni obodonlashtirish, parklarda va unga yaqin joylashgan aholining qo`shimcha ish joylarini yaratish uchun zarur bo`lgan daromad manbai bo`lishi mumkin.

Tabiiy boyliklarni muhofaza qilish-chi?

– Milliy parklar hududi juda katta va bu erda nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki turistlar uchun ham joy etarli. Ugom-Chotqol parkini olaylik, u erda tobora yo`qolib borayotgan Menzbur sug`uri va qor barsi yashaydi. Ularning tabiiy yashash joylari – turistlar uchun taqiq ostida, u erga turistlar kiritilmaydi, agar bu park mutaxassislari bilan birgalikdagi maxsus ekspedisiya bo`lmasa. Inson va inson qadami etmagan tabiat bir-biri bilan birlashishi mumkin. Bu qo`shnichilik ham turistlar, ham tabiat uchun qayg`uradigan park xodimlari tomonidan ta`minlanadi. Butun dunyoda shunday.

– Yuris, siz O`zbekiston haqida juda yaxshi so`zlarni aytdingiz. Lekin, keling, endi suhbatni biz uchun foydali tomonga bursak. Xorijiy tajribaga asoslangan holda, sizning oldingizga Ugom-Chotqol parkida turizmni rivojlantirish qo`yilsa, birinchi galda nima qilgan bo`lardingiz?

– Bugungi kunda mahalliy va xorijiy turistlar uchun jozibali va qiziqarli bo`lishi mumkin bo`lgan juda ko`p narsalar sirli bo`lib qolmoqda.

O`ylaymanki, bugungi kunda Internet butun dunyodagi barcha masalalar bo`yicha asosiy ma`lumotnomadir. Afsuski, O`zbekiston tabiati muhofaza qilinadigan hududlarda turizm imkoniyatlari haqida mavjud ma`lumotlar juda kam. Ugom-Chotqol tabiiy parki haqida turli manbalarda takrorlangan uchta yoki to`rtta maqolani topamiz. Ko`rinib turibdiki, mavzu bir tomonlama yoritilgan. Turli qiziqishlarga ega odamlarni jalb qilish uchun turli xil nuqtai nazarlarni yoritadigan park haqida materiallarga ehtiyoj bor. Kimdir ko`l qirg`og`ida dam olish, ba`zilar toqqa chiqish, kimgadir tog`lar bo`ylab sayohat qilish, yana kimdir qushlarning kuylashini yoqtiradi va h.k.

Parkdagi kirish joylarida men tashrif-markazlarni qurgan bo`lardim. Bu erda dam olishga tashrif buyuruvchilar qanday qilib eng yaxshi dam olish vaqtini belgilashlari mumkin bo`ladi. Turoperatorlar va gidlar bu erda maksimal marshrutlarni taqdim etish uchun harakat qilishlari kerak. Shu bilan birga, turistlar uchun professional xizmatlar bu erda mavjud bo`lishi kerak. Buning uchun professional gidlarni tayyorlashga alohida e`tibor berilishi kerak.

Va, albatta, turar-joy binolarining sonini sezilarli darajada ko`paytirish lozim. Ular har xil didli mijozlarga mo`ljallangan lagerlar, mehmonxonalar bo`lishi mumkin. Bu holatda turistlar parkning o`zida va uning yonida tunashi uchun imkoniyat yaratish kerak.

Keyin-chi? Maqsadga erishish uchun ishlarni davom ettiring, deyishganda, nima qilgan bo`lardingiz?

– Tasavvur chegara bilmaydi, ishtaha ovqat mahali ochiladi. Hayotning o`zi nima qilish kerakligini ko`rsatadi. Amalga oshirilgan natijalarni baholab, turistlar bilan muloqot keyingi harakatlarga olib keladi. Shu bilan birga, piarchilar, tashrif-markazlar xodimlari, turistik kompaniyalar vakillari va dam olish tashkilotchilari tabiatni muhofaza qilish vakillari bilan yaqin hamkorlik qilishlari kerak. Shuni unutmasligimiz kerakki, bu tabiati muhofaza qilinadigan hududlardir, inson va tabiat o`rtasidagi uyg`unlikni ta`minlash kerak.

– Ayting-chi, bizning tabiati muhofaza qilinadigan hududlarimiz xorijiy turistlarni o`ziga jalb eta oladimi?

– Menimcha, ha. Agar maqsadga yo`naltirilgan ishlar amalga oshirilsa.

Buning uchun nima qilish kerak? Aytaylik, Latviyadan turistlarni jalb etish uchun?

– Agar faqat Latviyaga qarab orientir olinsa, noto`g`ri bo`lar edi, chunki u aholisi kam mamlakatdir. Evropaga e`tibor qaratish kerak – bu yanada ko`lamli imkoniyat. Sizning tog`laringiz evropaliklar, ayniqsa, pasttekisliklarda joylashgan mamlakatlarning fuqarolari uchun qiziq bo`lishi mumkin. Aytgancha, Latviya shunday mamlakat, eng baland tog`larimiz dengiz sathidan 300 metr balandlikda. Biroq turistni faqat tog` manzarasi bilan jalb qilib bo`lmaydi. Ammo bu masalani hal qilish mumkin. Turistlarni ularning mamlakati bilan uyg`unlik orqali jalb qilish mumkin.

– Sizning fikringizcha, O`zbekistonda tabiati muhofaza qilinadigan hududlarda turizm istiqbollari qanday?

– O`ylaymanki, yaqinda O`zbekistonning tabiati muhofaza qilinadigan hududlariga ko`plab mahalliy va xorijiy turistlar tashrif buyura boshlaydi. Xususan, men o`tkazgan seminarlar mamlakatingizda turizmning turli yo`nalishlarini rivojlantirish bo`yicha ish olib borilayotganiga misol bo`la oladi. Bu ishda Xususiy turistik tashkilotlari uyushmasi va Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi xalqaro va xorijiy hamkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, O`zbekiston tajribasiga eng yaxshi amaliyotlarni tezkor joriy etishga yordam beradi.

    Boshqa yangiliklar