Donald Tramp va Kim Chen In sammit yakunlari bo`yicha qo`shma hujjatni imzoladi. Ikki davlat rahbarlari muvafaqqiyatli o`tgan sammit uchun bir-birini qutlagan.
Qayd etilishicha, Koreya yarim orolini yadroqurolsizlantirish jarayoni juda tez fursatda boshlanishi, bundan keyinga AQShning KXDRga munosabati ijobiy bo`lishini jurnalistlarga ma`lum qilgan Donald Tramp Kim Chen Inga ham ijobiy ta`rif bergan. Uning so`zlariga ko`ra Shimoliy Koreya etakchisi “juda iqtidorli” hamda “ dono muzokarachi”, o`z vatanini “kuchli sevadi” va albatta Tramp Oq uyda uni kutadi.
Kim Chen In ham o`z navbatida tarixiy uchrashuv bo`lib o`tgani uchun AQSh prezidentiga minnatdorlik bildirib, Singapur sammiti natijalari bo`yicha dunyo buyuk o`zgarishlarga guvoh bo`lishini ta`kidlab o`tgan.
Eslatib o`tamiz, bugun Singapurda Qo`shma Shtatlar va Shimoliy Koreya sammiti boshlandi. Kengaytirilgan tartibdagi muzokaralarda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo, prezidentning milliy xavfsizlik bo`yicha maslahatchisi Jon Bolton hamda Oq uy apparati rahbari Jon Kelli, KXDR tomonidan Koreya Mehnat partiyasi raisi o`rinbosari Kim Yon Chxol, KMP MQ xalqaro bo`limi mudiri Li Su Yon, KXDR tashqi ishlar vaziri Li Yon Xo ishtirok etdi. Sammit doirasida Donald Tramp va Kim Chen In Sentos orolida joylashgan “Kapella” mehmonxonasida uchrashdi. Ikki davlat rahbarlari o`zaro muloqotda Koreya yarim orolida tinchlikni barqaror ta`minlash va KXDRni mutlaqo yadroqurolsizlantirish, Shimoliy Koreya va Amerika munosabatlarini yaxshilash masalalarini muhokama qildi.






