Farg`ona viloyatining O`zbekiston tumanida ehtiyotsizlik oqibatida 9 yoshli bola halok bo`ldi, deb xabar bermoqda O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi.
Qayd etilishicha, taxminan soat 17.30larda Beshariq tumanida yashovchi nafaqaxo`r N.R. “VAZ-2102” rusumli avtomashinada O`zbekiston tumani Begobod qishlog`ida joylashgan “Ergashali ustoz Murodov” fermer xo`jaligiga o`rik mahsulotini terib olish uchun boradi. O`zi bilan birga avtomashinada nabirasini olib ketadi. Bog` ichiga kirganda, birga olib kelgan 9 yoshli nabirasi M.A.ni nazoratsiz qoldiradi. Qarovsiz qoldirilgan bola avtomashina salonida bo`lgan 5 litrlik elim idishdagi benzin yoqilg`isini to`kib, gugurt bilan yoqib yuborgan. Natijada avtomashina salonida yong`in sodir bo`lib, M.A. kuyish jarohatidan voqea joyida halok bo`lgan.
Yong`in shu erda bo`lgan fuqarolar tomonidan o`chirilgan.






