Xotin-qizlar qo`mitasi yangi loyihaga qo`l urdi, deb xabar berildi Xotin-qizlar qo`mitasining Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasida.
"Bugungi kunda 2 millionga yaqin O`zbekiston fuqarolari (32 million aholidan) Rossiya, Qozog`iston, Janubiy Koreya davlatlarida mehnat migrantlari sifatida ro`yxatdan o`tgan. Natijada bolalarni institutsional muassasalarida (internatlarda) uzoq vaqtga tashlab ketish holatlar ko`payib bormoqda.
Hozirda mehnat migrasiyasining oila va bolalarga ta`sirini o`rganib chiqqan rasmiy tadqiqotlar mavjud emas. Shuningdek, bolalar himoyasiga va migrasiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar ham mavjud emas.
Yuqoridagi ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi YuNISEF xalqaro bolalar jamg`armasi bilan hamkorlikda "migrasiya oqibatida himoyaga muhtoj bo`lgan bolalarni himoya qilish" mavzusidagi xalqaro loyihaga qo`l urdi", — deyiladi xabarda.
2018 yil 11 iyun kuni mazkur masalalar bo`yicha eskpertlarning dastlabki uchrashuvi bo`lib o`tdi. Uchrashuvda Xotin-qizlar qo`mitasi, "YuNISEF" jamg`armasi, Tashqi ishlar vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, "Oila" ilmiy-amaliy markazi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi vakillaridan iborat ekspert guruhi ish boshladi.
Mazkur loyiha 36 oyga mo`ljallangan bo`lib, mamlakatning 4 viloyatini qamrab olishi kutilmoqda.
Loyiha davomida migrant oilalarning farzandlarini ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish, ularning har tomonlama kamol topishi asosiy maqsad etib belgilandi.






