AsosiyJamiyat

«Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida kreditlar kimlarga beriladi?

'«Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida kreditlar kimlarga beriladi?'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek Prezident qaroriga asosan yurtimizda «Har bir oila — tadbirkor» dasturi amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi tomonidan mazkur dastur doirasida kreditlarni ajratish tartibi to`g`risidagi nizom ro`yxatdan o`tkazildi. Quyida «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida kredit ajratish tartibi haqida tushuncha beramiz.

Qanday maqsadlarda beriladi?

Nizomga muvofiq dastur doirasida imtiyozli kreditlar qarz oluvchilarga tadbirkorlikni yo`lga qo`yish yoki rivojlantirish maqsadlari uchun ajratiladi.

Qanday maqsadlar uchun olib bo`lmaydi?

Kreditlar:

  • ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;
  • alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
  • savdo-vositachilikni amalga oshirish;
  • umumiy ovqatlanish tashkilotlarining aylanma mablag`larini shakllantirish;
  • ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olish;
  • ma`muriy xarajatlarni to`lash, jumladan xizmat avtomobillari ta`minoti;
  • mebel, uyali telefon sotib olish, shuningdek aloqa xizmatlariga to`lov maqsadlari uchun ajratilmaydi.

Kimlarga beriladi?

  • tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish istagida bo`lgan jismoniy shaxslar;
  • kichik tadbirkorlik sub`ektlari hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar, kichik korxonalar;
  • dehqon va fermer xo`jaliklari;
  • oilaviy tadbirkorlar.

Qancha miqdorda beriladi?

eng kam ish haqining 150 baravaridan – 1000 baravarigacha miqdorda.

Foizi

Kreditlarning foiz stavkasi yillik 7 foiz miqdorida belgilanadi. Bunda kredit liniyasi 3 foizni, bank marjasi 4 foizni tashkil etadi.

Muddati qancha?

Mikrokreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko`p bo`lmagan muddatga ajratiladi.

Kreditlar amalga oshiriladigan loyihaning biznes-rejasiga muvofiq o`zini o`zi qoplash jihatlaridan kelib chiqib 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yil muddatgacha ajratilishi mumkin. Bunda berilayotgan imtiyozli davr va kreditni qaytarish muddati batafsil asoslantirilishi kerak.

Qanday hujjatlar taqdim etiladi?

  1. Kredit olish uchun qarz oluvchi — jismoniy shaxslar kredit olish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
  • ariza;
  • pasport nusxasi;
  • jismoniy shaxslarga kredit qaytarilishining ta`minoti sifatida sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig`ini tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozli kreditlash bo`yicha tavsiyanoma.

2. Kredit olish uchun qarz oluvchi — kichik tadbirkorlik sub`ektlari kredit olish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ariza;
  • biznes-reja;
  • tegishli davlat soliq inspeksiyasiga oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-son shakl), 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar to`g`risida hisobot (2-son shakl), (yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan dehqon xo`jaliklari bundan mustasno);
  • ta`minot turlaridan biri (uchinchi shaxs kafilligi, sug`urta polisi, mol-mulk, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasining kafilligi).

Tijorat banklari qarz oluvchi — kichik tadbirkorlik sub`ektlariga yuqorida nazarda tutilgan ta`minot turlarini talab qilmasdan eng kam ish haqining 150 baravarigacha bo`lgan miqdorda blankli (ishonchli) mikrokredit berish huquqiga ega.

Ko`proq mablag` kerakmi?

Tuman va shaharlarda samaradorligi yuqori va barqaror ish o`rinlari yaratish imkoniyati mavjud loyihalarga dastur doirasidagi resurslar hisobidan eng kam ish haqining 1000 baravaridan ortiq miqdorda yillik 7 foiz stavkada imtiyozli kredit ajratilishi mumkin.

Samarali loyihalar tegishli hududiy ishchi guruhlar tomonidan tanlab olinadi va ushbu loyihaning haqiqatda mazkur hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ahamiyati qayd etilgan holda imtiyozli kreditlashga xulosa tayyorlanadi va xulosa ishchi guruhlarning barcha a`zolari tomonidan imzolanadi.

Kredit necha kunda beriladi?

Qarz oluvchining arizasi kelib tushgan kundan boshlab, tijorat banki tomonidan uch ish kunidan oshmagan muddatda ushbu ariza bo`yicha asoslantirilgan qaror qabul qilinadi.

Tijorat banki kredit berishni rad etgan taqdirda, bank qarz oluvchiga hamda tavsifnoma bergan tegishli sektorlar rahbarlariga va mahalla fuqarolar yig`iniga bu haqda keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda yozma shaklda asoslantirilgan ma`lumot taqdim etadi.

Kredit naqd pul shaklida beriladimi?

Kreditlar qarz oluvchiga alohida kredit hisobvarag`i ochish va uning to`lov topshiriqnomalariga muvofiq, ushbu hisobvaraqdan naqd pulsiz shaklda pul o`tkazish yo`li bilan beriladi.

Jismoniy shaxslarga loyihaning o`ziga xos jihatlari tovarni pul o`tkazish yo`li bilan sotib olish imkoniyati bo`lmagan holda mikrokreditning bir qismi naqd pulda berilishi mumkin.

Kredit qanday qaytariladi?

Qarz oluvchi kredit hamda unga hisoblangan foizlarni naqd pulda, bank plastik kartochkalari orqali yoki qarz oluvchining hisobvarag`idan pul o`tkazib berish yo`li bilan to`lashi mumkin.

    Boshqa yangiliklar