“Obod xonadon — yurt ko`rki” loyihasi doirasida yana bir oilaga quvonch ulashildi (foto)
Quvasoy shahar Shabnam ko`chasida istiqomat qiluvchi Bahriddin Otaev ko`p yillardan buyon umurtqa-bel churrasi kasalligi bilan kurashib keladi.
Ikki nafar farzandning otasi Bahriddinga og`ir yumush bajarishni shifokorlar tomonidan taqiqlangan. Uning ustiga, turmush o`rtog`ining ham nogironligi bor. Bu oilaning har tomonlama oyoqqa turib olishi uchun ko`mak juda zarur edi...
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Obod qishloq dasturi asosida “Obod xonadon — yurt ko`rki” loyihasi tufayli Otaevlar xonadoniga ham fayz kirdi.
Gap shundaki, Federasiya va uning Farg`ona viloyat hududiy birlashmasi va homiylik mablag`lari hisobidan Otaevlar xonadoni uch hafta muddatda obodonlashtirilib, kapital ta`mirlab berildi. "Rejaga ko`ra, xonadonda salkam 50 million so`mlik qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Uyning tom qismi qaytadan yopildi. Ikki xonali xonadon to`liq ta`mirlandi. Ayvon va oshxona binosi qurildi. Hovli yuza qismiga qattiq beton qoplamasi yotqizildi. Mavjud issiqxona qaytadan ta`mirlandi", - deydi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Farg`ona viloyati hududiy birlashmasi raisi Ahrorjon Rahmonaliev. "Xalq so`zi" nashrining muxbiri Elyorjon Ehsonovning ma`lum qilishicha, shaxsiy daromadlarini ko`paytirish maqsadida xonadonning chorbog` qismiga tovuqxona qurilib, 30 bosh tovuqlar etkazib berilgan. Bu ezgu ishlar natijasida yana bir mahzun ko`ngillar shod bo`ldi. Hovlini Otaevlar oilasiga topshirish marosimi to`yga aylanib ketdi. Loyiha tashabbuskorlari Bahriddin Otaevning o`g`li Nuriddinning sunnat to`yini o`tkazib berishadigan bo`lishdi.
Shu kuni hovlida iftorlik dasturxoni yozildi. Ma`lumot o`rnida aytib o`tamiz, O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Obod qishloq dasturi asosida “Obod xonadon-yurt ko`rki” loyihasini doirasida 2018 yilda Qoraqalpog`iston Respublikasi va har bir viloyatda bittadan kam ta`minlangan, e`tiborga muhtoj xonadonlar to`liq obodonlashtirilib, kapital ta`mirlab beriladi.