O`zbekistonda “iste`mol savati” va “kun kechirish uchun zarur miqdor” tushunchalari joriy qilinadi hamda ularni hisoblash tasniflari aniqlanadi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portalida O`zbekistonda minimal iste`mol savati va kun kechirish uchun zarur miqdorni hisoblash tartibi haqidagi Nizom loyihasi muhokamaga qo`yildi.
Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tayyorlangan mazkur Nizom loyihasi 27 iyunga qadar muhokama qilinishi va 1 iyuldan amalga tatbiq etilishi ko`zda tutilgan.
Nizom loyihasiga ilova qilingan ro`yxatda to`la-to`kis va sog`lom ovqatlanish uchun zarur bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlari va ovqatlanishning o`rtacha bir sutkalik minimal tibbiy me`yorlari belgilandi. Mazkur ro`yxatdan inson uchun eng zarur bo`lgan dukkaklilar, un mahsulotlari, meva-sabzavotlar, go`sht va sut mahsulotlari – jami 46 turdagi mahsulot o`rin olgan.
Minimal iste`mol savati va kun kechirish uchun zarur miqdor qiymatlari Iqtisodiyot vazirligi tomonidan oylik asosda kelasi oyning 15-sanasigacha hisoblab chiqiladi.
Fuqarolar mazkur Nizom loyihasi bo`yicha o`z fikrlarini bildirishlari mumkin.






