1

Afvdan to`g`ri xulosa chiqarmagan 21 yoshli yigit yana qora kursiga o`tirdi

Jinoyat 14.06.2018, 12:48
Afvdan to`g`ri xulosa chiqarmagan 21 yoshli yigit yana qora kursiga o`tirdi

Toshkent viloyati Qibray tumani Nurafshon mahallasida Jinoyat ishlari bo`yicha Qibray tumani sudining ochiq sud majlisi o`tkazildi. Sudya X.Xoliqov raisligida bo`lib o`tgan sayyor sudda Qibray tumanida yashovchi fuqaro Q.S.ning jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

21 yosh. Ayni o`qib-izlanadigan, ishlab tog`ni talqon qiladigan, oila qurib bir qo`rg`onga bosh bo`ladigan, ota-onasi qanotiga kirib, ro`zg`or tashvishlarini o`z bo`yniga oladigan palla. Qibraylik Q.S. ham tengdoshlari qatori shu ishlarni qilishi mumkin edi. Ammo u adashdi, yanglish yo`ldan bordi.

Yoshlikning eng gullagan davri – 18 yoshida Q.S. sudning qora kursisiga o`tirdi. Og`ir turdagi jinoyat sodir etgani uchun 2016 yilda Jinoyat ishlari bo`yicha Parkent tumani sudi tomonidan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Kechirimlilik – xalqimizga xos fazilat. Hamma ham adashishi mumkin. Ammo, afvdan to`g`ri xulosa chiqarish lozim. Aks holda, yana o`sha temir panjara. Qahramonimiz Q.S. ham davlatimizning xalqparvarligi, kechirimliligidan bahramand bo`lib, 2018 yil 3 aprel kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Qarshi shahar sudining ajrimi bilan axloq tuzatish ishlariga jalb etilgan edi. Ammo, Q.S. sud qaroriga e`tibor qilmay, 20 kunlik qisqa fursatda eski qiyofasiga qaytdi. Xususan, 23 aprel kuni Z.F. ning uyali aloqa vositasini ochiqdan-ochiq, zo`ravonlik yo`li bilan olib qo`yib, yashirinishga urindi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha, jinoyatchiniki esa qamoqxonagacha, degan gap bor xalqimizda. Q.S. ning qismati ham shunday bo`ldi. Sud barcha og`irlashtiruvchi va engillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1