Marg`ilon shahrida Respublika ipakchilik va kasanachilikni rivojlantirish markazi va galereyasi tashkil etildi.
O`zbekiston xalq amaliy san`ati va hunarmandlikning eng qadimiy turlari, an`analari, o`ziga xos uslub va maktablari saqlanib qolgan mamlakat sifatida jahon miqyosida alohida o`ringa ega. Amalga oshirilayotgan islohotlar hunarmandlik sohasida rivojlanish, taraqqiyot yo`lidan borish imkoniyatini kengaytirmoqda. Hunarmandlarning erkin faoliyat yuritishi uchun ko`plab imtiyozlar berildi. Avloddan-avlodga o`tib kelayotgan hunarmandlik har tomonlama qo`llab-quvvatlanmoqda, "Ustoz-shogird" an`anasi asosida yosh avlodga o`rgatilayotir.
Farg`ona viloyatida ham hunarmandchilikni rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirish, yoshlar, xotin-qizlar va kam ta`minlangan oilalar bandligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo`lib xizmat qilayotir.
Viloyatda 1 ming 300 dan ziyod hunarmand faoliyat ko`rsatmoqda. Marg`ilon, Qo`qon shaharlari, Rishton tumanida hunarmandchilik borasida o`ziga xos maktab yaratilgan. Respublika ipakchilik va kasanachilikni rivojlantirish markazi va galereyasi tashkil qilingani hunarmandchilikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
– Markazda ipakchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi hunarmand va kasanachilarni qo`llab-quvvatlash, xotin-qizlar, nogironlarni ish bilan ta`minlash, bitiruvchi yosh hunarmandlar tadbirkorligiga ko`maklashish, mahalliy xomashyodan eksportbop matolar ishlab chiqarish asoslarini o`rgatish ishlari olib boriladi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat bo`limi boshlig`i Rasuljon Mirzaahmedov. – Ayni paytda bu erda 7 ustaxona faoliyat ko`rsatmoqda. Milliy hunarmandchilik galereyasi va hunarmandchilik o`quv markazi ham tashkil etilgan.
Marg`ilon, Farg`ona shaharlari, Toshloq va Rishton tumanlaridan 400 nafar xotin-qiz va yoshlar turli hunar sirlarini qunt bilan o`rganmoqda. Joriy yilda markaz tomonidan 14,5 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Qadim shaharlarimiz ko`rki, yurtimiz tabiatiga hamohang yaratilayotgan hunarmandchilik namunalari sayyohlar e`tirofiga sazovor bo`lmoqda. Albatta, mazkur markaz ham milliy hunarmandchilikni keng targ`ib etishda alohida o`rin egallaydi. Marg`ilonga tashrif buyurgan mehmon va sayyohlar ustaxonalarda bo`lib, mahsulotlar yaratilishiga guvoh bo`ladi, xarid qiladi.