AsosiyJamiyat

​Toshkentda «Suv resurslarini boshqarish masalalari bo`yicha innovasiyalar va ilmiy izlanishlar klasteri» ish boshladi

'​Toshkentda «Suv resurslarini boshqarish masalalari bo`yicha innovasiyalar va ilmiy izlanishlar klasteri» ish boshladi'ning rasmi

Xabaringiz bor, Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi bo`lib o`tmoqda.

8 iyun kuni Toshkent Irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI)da Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) ko`magi ostida TIQXMMI bilan 2017 yilning avgust oyida imzolangan Hamkorlik to`g`risidagi memorandum doirasida Markaziy Osiyoda birinchi «Suv resurslarini boshqarish masalalari bo`yicha innovasiyalar va ilmiy izlanishlar klasteri»ning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

Tadbirni TIQXMMI rektori professor O`ktam Umurzoqov hamda MOMEMning ijrochi direktori Iskandar Abdullaev ochib berdi. Tantanali tadbirda suv xo`jaligi vaziri Shavkat Hamroev, oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Inom Majidov, innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abduraxmonov hamda hozirda, aniqrog`i 2018 yilning 5-8 iyun kunlari Toshkentda bo`lib o`tayotgan Markaziy Osiyo ekologiya forumining (MOHEF-2018) yuzdan ortiq delegasiya rahbarlari va mehmonlari ishtirok etishdi.

Klaster suv sektori mutaxassislari salohiyatini oshirishga qaratilgan mavjud boshqa dastur va muassasalardan aynan talabalar bilan ishlash mexanizmini rivojlantirishga qaratilgani bilan ajralib turadi.

«So`nggi 20-25 yil ichida taraqqiyot va ta`lim bo`yicha loyihalar tashqaridan ekspertiza va fanni jalb etish orqali muammolarni echishga qaratilayotgan edi. Mahalliy miqyosda o`sish joylarini yaratish vaqti keldi. Innovasion klasterlar aynan mana shunday o`sish joylari qatoriga kiradi, — ta`kidladi MOMEM ijrochi direktori doktor Iskandar Abdullaev. – Klasterning asosiy maqsadi – taraqqiyot bo`yicha loyihalarning samaradorligi va barqarorligi uchun kadrlar bazasini shakllashtirishga ko`mak ko`satishdan iborat. Markaz talabalar va yosh mutaxassislarni ilmiy va loyihaviy faoliyat bilan shug`ullanishga jalb etadi, jahon ta`lim resurslari, etakchi ilmiy adabiyotlarning elektron katalogi va ma`lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi».

Markaz yosh olimlarning ishlashi va ilmiy izlanishlari uchun ijodiy qulay sharoitlarni rivojlanirish maqsadini ko`zlagan o`ziga xos multidissiplinar platformaga aylanadi hamda faol yoshlarni qo`llab-quvvatlash, innovasion g`oyalar va startaplarni targ`ib etish orqali fan, ta`lim va ishlab chiqarish o`rtasida aloqa o`rnatish uchun sharoitlarni yaratishga ko`mak ko`rsatadi.

Klasterning vazifalari orasida quyidagilar bor: oliygohning o`zida taraqqiyot bo`yicha loyihalarni amalga oshirish; loyihalarni strategik rejalashtirish bo`yicha malaka oshirish, resurslar va moliyaviy manbalarni mobilizasiya qilish; tanqidiy fikrlash malakasini oshirish va tadqiqotlar o`tkazish. Ta`kidlash kerakki, talabalar bilan foydali amaliy malaka oshirish borasida ishlar olib boriladi: muzokaralar o`tkazish, loyihani hujjatlashtirish, jurnallar uchun esse va maqolalar yozish.

Umuman olganda klaster ishini uch qismga ajratish mumkin: loyihalarni amalga oshirish uchun tajriba bilan o`rtoqlashish, ilmiy izlanishlar bo`yicha tajriba almashish va salohiyatni kuchaytirish.

Ochilish marosimidan keyin Klasterda MOMEM-TIQXMMIning dastlabki tadbirlari o`tkaziladi.

MOXEF-2018 Ma`lumotlar markazi

    Boshqa yangiliklar