AsosiyJinoyat

Xavfli residivist bo`lgani ayol takroran firibgarlik jinoyatiga qo`l urdi

'Xavfli residivist bo`lgani ayol takroran firibgarlik jinoyatiga qo`l urdi'ning rasmi

Ayrimlar mushkul ahvolga tushib qolsa, folbinlardan najot izlaydi. Ularning “bashorati” yoki qilgan “ilmi-amali” bilan vaziyatdan chiqmoqchi bo`ladi.

Lekin ko`p hollarda bunday ishni kasb qilganlar odamlarni aldab, pulini shilish payida bo`ladi. Sud amaliyotida ham ana shunday holatlar tez-tez uchrab turadi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Vobkent tumani sudining joylarda bo`lib o`tayotgan sayyor majlislarida shu kabi jinoyatga qo`l urganlarning kirdikorlari fosh etilmoqda.

Jumladan, 2017 yil 20 dekabr kuni Vobkent shahridagi “Quruvchi” mahalla fuqarolar yig`ini binosida bo`lgan sud majlisida oldin bir necha marta sudlangan, amnistiya tufayli jazodan qutulib qolgan, ammo qilmishlaridan tegishlicha xulosa chiqarmagan, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yashovchi, 6 nafar farzandning onasi Gulnora Mirboboeva (ism-shariflar o`zgartirildi)ga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Gulnora aldash va fuqarolar ishonchini suiiste`mol qilish yo`li bilan o`zganing mulkini qo`lga kiritish maqsadida, xavfli residivist bo`lgani holda, takroran firibgarlik jinoyatini qasddan sodir qilgan.

Chunonchi, u 2017 yil 2 oktyabr kuni ertalab Quruvchi mahallasi Arabon ko`chasida yashovchi fuqaro Zulxumor Xo`jaevaning uyiga kelib, unga turli ko`ngilsizliklar haqida gapirib, agar u aytgan ishlarni bajarmasa, noxushliklar sodir bo`lishini aytadi. Ayolni qandaydir ilohiy qudratga ega ekanligiga ishontirib, aldab, ishonchiga kirib, undan 640 ming so`m pul, 2 dona jami bahosi 1 million 350 ming so`mlik uzuk hamda bir dona xo`roz va tovug`ini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritgan.

Bundan tashqari, u o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, Z.Xo`jaevaning uyiga qaytib kelib, uning uyida bo`lgan barcha pullarga “dam” solib berishini aytib uni aldab, ishonchiga kirib, undan 5 ming AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritgan.

Sud jabrlanuvchiga etkazilgan zararlar to`liq qoplanganini inobatga olib, G.Mirboboevani Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan aybli deb topdi, qariyb 3 million so`m jarima jazosi tayinladi.

Qilmish-qidirmish, deydi dono xalqimiz. G.Mirboboeva ham nodonning ishini qilib, bir ayolni “chuv” tushirdi. Lekin u uzoqqa borolmadi, qonun posbonlari tomonidan to`xtatib qolindi.

Bu maqolani yozishdan maqsadimiz bitta: sodda, ishonuvchan yurtdoshlarni yana bir bor ogohlikka chorlash.

M. Oripov,

Jinoyat ishlari bo`yicha

Vobkent tumani sudi raisi

O`zA

    Boshqa yangiliklar