Ta`lim tizimi – farzandlarimizning kamoli bilan bevosita bog`liq ekanini hech kim inkor eta olmaydi. Axir bolalarimizning asosiy vaqti maktabda, ustozlaridan saboq olishga sarflanadi.
Ayni paytda maktablarda 6 million bola ta`lim olmoqda. Shuncha qorako`zlar yurtimizning ertasi, istiqbol egalari. Ular har jihatdan bilimli, etuk bo`lsagina biz orzuimizdagi kelajakka ega bo`lamiz.
Shuning uchun ta`lim tizimi infrastrukturasi zamon talablariga muvofiq tubdan o`zgartiriladi, ta`bir joiz bo`lsa, butunlay yangilanadi. Shu maqsadda Prezident Shavkat Mirziyoev ishonch bildirgan xalq ta`limi yangi vaziri Sherzod Shermatov, uning o`rinbosari vazifasini bajaruvchilar – Sarvar Boboxo`jaev, Alisher Umarov, Otabek Nazirovlarga zarur barcha vakolatlar beriladi. Mazkur vazirlik – eng muhim vazirlikka aylantiriladi. Tuzilmaga har tomonlama yordam ko`rsatiladi.
Eslatib o`tamiz, bugun 21 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan xalq ta`limi tizimini tubdan o`zgartirish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo`yilgan vazifalar ijrosiga bag`ishlab Bosh vazir A.Aripov rahbarligida videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.






