20 iyun kuni o`tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishni cheklash to`g`risida»gi qonun loyihasi ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar beradi.
Mazkur qonun loyihasi fuqarolarning sog`lig`ini chilimlar va elektron sigaretalarning zararli ta`siridan, u bilan bog`liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga, xususan, yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini qaror toptirishga, shuningdek, butun dunyoda bo`lgani kabi mamlakatimiz jamoatchiligi o`rtasida ham kashandalikka qarshi kurash muhitini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
Munozaralar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekish keng tarqalishining, chilim va elektron sigaretalarni chekilishi natijasida kelib chiqadigan kasalliklarning, shuningdek, guruh bo`lib chekish oqibatida yuqish xavfi bo`lgan yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga xizmat qilishi qayd etib o`tildi.






