“Darakchi” gazetasining ilk soni mushtariylar qo`liga etib borganiga ham 20 yilga yaqinlashib qoldi. O`sha paytda tug`ilgan go`dak bugun jamiyatning ongli a`zosiga aylandi. Shu paytga qadar gazetamizning mingta soni o`quvchilarimiz qo`liga etib bordi. Mingta! Bu o`rtacha 64 ming sahifalik, uch yarim metr qalinlikdagi ulkan kitob bilan baravar. Shu paytgacha bosilgan barcha gazetalarimizning umumiy tiraji taxminan 150 million nusxadan oshgan. Bu gazetalarni yonma-yon terib chiqsak, bu “karvon”ning uzunligi 30 ming kilometrdan oshgan bo`lardi.

Biroq gap shakl yoki miqdorda emas. Bu sahifalarda yurtimizda va jahonda yuz bergan minglab voqealar yoritildi, tahlil qilindi. Minglab suhbatlar, hikoya va qissalar, mushtariylarimizniing quvonch va tashvishlari, muammo va iztiroblarini o`z ichiga oladi.
O`tgan davr davomida ko`plab xatlar oldik, qo`ng`iroqlar qabul qildik. Barchangiz ming bor rahmat. Boringizga shukur! Siz borsizki, “Darakchi” xodimlari ham tinimsiz harakatda!

“Darakchi” 1001-son bilan qarshingizda chiqmoqda. “Ming bir” raqamining ham o`ziga xos “qiyofasi”, hislari bor. Zotan, har bir son dunyo yuzini ko`rguncha undagi har bir maqola, suhbat, xabar yoki badiiy asar ming bir “chig`iriq”dan o`tadi. Shunda ham baribir ishimizdan ko`nglimiz to`lmaydi. Zotan beayb parvardigor.
Ertaga, ya`ni 28- iyun kuni gazetaning 1001-sonni qo`lingizga etib boradi. Bu sonning chiqish ham aynan 27 iyun Matbuot va Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga to`g`ri kelgani bejiz emas. Bunda ham bir hikmat, o`ziga yarasha mo`jiza yashirin. Ahir, “Darakchi”ning yangi davri boshlanmoqda. Bu unutilmas sana bilan “Darakchi” gazetasining ijodiy jamoasini va uning mushtariylarini ham qutlab qolamiz. Ijodkorlarning yuksak parvozlarida sehrli qalamlar hamroh bo`lsin!






