Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishidagi reyslar haftasiga bir marta yo`lga qo`yilishi kutilmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
26 iyun kuni "O`zbekiston havo yo`llari" MAK direksiyasida aviakompaniya va Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi. Unda ziyorat turizmi dasturi bo`yicha bevosita sayyohlarni jalb qilish bilan shug`ullanuvchi turoperatorlar ham ishtirok etishdi.
Muzokaralar davomida mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish konsepsiyasi, bu masalada milliy aviatashuvchining roli, shuningdek, Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishi bo`yicha muntazam reyslarni yo`lga qo`yish imkoni muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko`ra, MAK tomonidan 2018-2019 qishki navigasiya davrida haftasiga bir marta Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishidagi reyslarni yo`lga qo`yish masalasini ishlab chiqishga kelishib olindi. Reyslar Boeing 767 hamda 787 Dreamliner avialaynerlarida amalga oshiriladi.






