To`ylarni ixchamlashtirish haqida birinchi minbardan aytilgan fikr xuddi hozirgidek ijtimoiy tarmoqlarning kun mavzusiga aylangandi. Ommaviy axborot vositalari ham yanada ko`proq bu mavzuni yoritishda davom etishdi(!). Aynan davom etishdi, bong urishni boshlashdi emas! Bosma nashrdagi 7 yillik faoliyatim davomida to`ylarning sarf-xarajatini kamaytirish, sarpo mojoralariga chek qo`yish, orzu-havaslarning emas, aniq va samarali maqsadlarning etagini tutish haqida ko`plab, kerak bo`lsa, tizimli maqolalar berib borganmiz. Bugun shuncha targ`ibot havoga sovurildimi, deyayotganlarni tushunmayapman.
Birinchidan, senatning qarorida to`ylarni dabdaba bilan o`tkazishda davom eting yoxud marosimlar qisqarmaydigan bo`ldi degan ma`no yo`q.
Ikkinchidan, bu borada targ`ibot-tashviqot ishlari davom etishi shart. Qon-qonimizga singib ketgan to`y masalasini, u bilan bog`liq orzu-havaslarni bittada, ildizi bilan sug`urib ololmaymiz. Bu hammamizga kundek ravshan. Behuda sarf-xarajatlarni isbotlab berish, orzu-havaslarni to`g`ri yo`naltirishni o`rgatish, to`y haqidagi gap-so`zlarga qarshi immunitet hosil qilish, ko`rpaga qarab oyoq uzatish — kimnidir kamsitib, kimnidir yuksaltiruvchi emas, foydamizga ish beruvchi naql ekanligini anglash uchun qayta-qayta uqtirishda davom etishimiz kerak. Shunda senatning qarori bilan o`zgarib qolmaydigan natijaga erishishimiz mumkin. Agar istasak, albatta!
Muhrsiz qaror
Agar qarorlar, qonunlar bilan to`y, oila qurish, uning mustahkamligi masalasiga muhr urilganda — ya`ni biz ularga so`zsiz rioya qilganimizda edi, gazeta-yu televideniyaga, ijtimoiy tarmoqlar, saytlarga minglab ayollar qonuniy nikohdan o`tmagani uchun og`zi kuyib qolgani, bolasiga aliment undira olmayotgani, 2, 3, 4 nafar farzandi bo`lsa ham, 10, 20 yildan buyon qaynonasining xizmatini qilsa ham, turmush o`rtog`ining uyiga na o`zi, na bolalarini ro`yxatga qo`yilmayotganidan kuyinib murojaat qilmasdi!
Senatning qarorini ahmoqona deya kimni aldamoqchimiz? Shu yo`l bilan mas`uliyatdan qochmayapmizmi? O`zimiz o`zimiz uchun bu borada qaror chiqarishimiz kerakmasmi?
Nimadan voz kechamiz?
To`y taraddudidagi har bir oila o`ziga shu savolni berib ko`rsa, ancha hovurimiz bosiladi. Masalan, meni katta yoshlilar to`y tantanalarida ishtirok etmaydi degan fikr o`ylantirgandi.
Fevral oyida mahallamizdagi to`yda mehmon bo`ldim. Onam, qo`shni ayollar (50–60 yoshlar atrofidagi) chiroyli davra bo`lib o`tirishgani, uzoq-yaqin tanishlarni ko`rib suyunishgani, “Muhabbat videoni ko`rsa, xursand bo`ladi” deya kameraga tilaklar bildirib, o`tirgan joylarida raqsga tushishgani ko`zimni quvnatgandi.
Dasturxon oddiygina edi, ikki xil salat, 4 ta pishiriq, meva-cheva, bitta osh. Qo`shiqchi ham mahallaniki. To`g`ri, odamlar soni 100, 200 emas, ikki barobar ko`proq. O`ylab qoldim, agar to`ylarda yoshi kattalarning qatnashishi cheklansa, ular yana qaerda bunday yayrab-quvnab o`tirishadi? Viloyatlarda konsertlar onda-sonda bo`ladi, gap-gashtaklar tor doirada. To`yning esa zavqi boshqacha! Albatta, bu mening fikrim. Ehtimol ayrim katta yoshlilar shovqin-suronli tantanalarni xushlamas? Bu ham ularning tanlovi.
Xarajatlarni qisqartirish masalasi esa oddiy. Masalan, asosan xorazmliklarga xos bo`lgan “qiz bazmi” degan marosimni o`tkazmaslik tarafdoriman. Viloyatimizda bu bo`yicha tashviqot ishlari, adashmasam, qariyb o`n yillardan beri olib boriladi. Hatto nikoh to`yidan oldingi bu tadbirni o`tkazmaslikni mahalla, hokimiyat nazoratiga olgan. Lekin afsuski, “Birgina qizim”, “Kenja qizim”, “Erka qizim”, “Xafa bo`lyapti”, “Odamlar nima deydi?” deya “qiz bazmi”ga taklifnomalar tarqatishadi.
Gap shundaki, “qiz bazmi”ning nikoh to`yidan farqi atigi 3 tagina:
1. Kuyov ishtirok etmaydi, kelin yolg`iz o`zi davra to`rida o`tiradi.
2. Kuyov tomondan 50 nafarcha mehmon keladi, asosan kelin tomon o`ynab-kuladi.
3. Ichkilik kamroq tortiladi, chunki erkaklar soni nisbatan kam bo`ladi.
Boshqa hamma-hammasi bir xil.
Dasturxonning asosiy xarajatlari, san`atkorlar kuyov tomon zimmasida.
Kelin bu kun uchun alohida libosni ijaraga oladi. Aksar hollarda “qiz bazmi” ham, nikoh to`yi ham bitta to`yxonada o`tkaziladi. Mehmonlar salgina farqlanishi mumkin. Mabodo kelin uzoqroqdan bo`lsa. Odatda, ikki kun davomida bir xil to`yxonada, bir xil davrada, bir xil dasturxon atrofida kechagi san`atkorning repertuarini xuddi o`sha tartibda eshitib o`tirasiz. Tan olish kerak, ortiqcha isrofgarchilik va shaxsan men uchun zerikarli.
Harqalay oxirgi paytlarda aksar oilalar “qiz bazmi” shart emasligini anglayapti. Yanayam, to`g`rirog`i, inson o`z qadriga etyapti. “O`zaro kelishib qiz bazmi qilmaydigan bo`ldik, o`rniga kir yuvadigan mashina oldik” deya o`zlarini ham, qizlarini ham, mehmonlarni ham ovora qilmaslikka qaror qilishyapti. Mana buni to`g`ri tanlov deb bilaman.
Xulosa
Yozuvchi Erkin A`zamning bir iborasi bor: “Bu dunyoda ilojsiz narsaning o`zi yo`q. Hammasi nimani tanlab, nimada voz kechishimizga bog`liq”. Senat “To`ylarni ixchamlashtirish shart” deya qaror chiqarmagani bu imkonsiz ish degani emas! Hammasi o`zimizning tanlovimizga bog`liq.
Shoira Vafoeva






