30 iyun – “Yoshlar kuni” respublikamizning siyosiy-ijtimoiy ahamiyatga ega sanalari qatoridan joy oldi.
Namangan viloyatida sanaga bag`ishlangan keng ko`lamli tadbirlar o`tkazilmoqda. Jumladan, Norin tumanida bo`lib o`tgan tadbir tuman yoshlarining ijtimoiy hayotida muhim voqealardan biri bo`lib qoladi.
Norinda haftaning har payshanba va yakshanba kunlari erkak va ayollar, o`smir yigit-qizlar va bolalar o`rtasida marafon hamda velomarofon o`tkaziladi. “Yoshlar kuni”ga bag`ishlab tashkil etilgan navbatdagi marafonda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan 300 nafardan ortiq yoshlar 3 kilometr masofaga yugurdi. Havaskor sportchilar orasida boshlang`ich sinf o`quvchilari, uy bekalari, rahbar-xodimlardan tortib, ishchi va dehqonlarning ham bo`lishi sog`lom turmush tarziga bag`ishlangan targ`ibot-tashviqotlarning samarasidan darak.
Tuman hokimligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamkorligida yo`lga qo`yilgan mazkur an`ana davomida marraga birinchi bo`lib etib kelgan erkak va ayollarga “Eng yosh marafonchi”, “Eng yoshi ulug` ishtirokchi” nominasiyalari bo`yicha g`oliblarga sovg`alar topshirildi. Erkaklar o`rtasida marraga birinchi bo`lib M.Mo`ydinov etib kelgan bo`lsa, U.Burxonjonova ayollar o`rtasida birinchilikni qo`lga kiritdi. N.Arabboev eng yosh marafonchi, N.Sobirova eng yoshi ulug` ishtirokchi sifatida maxsus sovg`a bilan taqdirlandi.
– Tumanidagi 155 mingdan ortiq aholining 90 mingdan ko`prog`ini yoshlar tashkil qiladi, – deydi tuman hokimining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari Saydali Siddiqov. – Ularning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish, sportga oshno qilish bilan bir qatorda ishsiz fuqarolarning ish bilan ta`minlanishi ham doimo diqqat markazimizda. Joriy yilning o`zida tumanda shu maqsadga qaratilgan 9 yarmarka o`tkazildi va ularda yuzlab yoshlar ishli bo`ldi. Bugun Haqqulobod tibbiyot kollejida viloyat bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo`sh ish o`rinlari yarmarkasida ham ko`plab yoshlar ishli bo`ldi.
Tuman tibbiyot kollejida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida Namangan shahri va chegaradosh tumanlardagi 272 korxona, tashkilot va muassasa 2 ming 253 ish o`rinlari bilan qatnashdi. Bu erda o`ziga munosib ish topolmaganlar Xo`jaobod sanoat va servis kollejida, Norinkapadagi 40-umumta`lim maktabida o`tadigan mehnat yarmarkasida ishtirok etishi mumkin.
– Korxonamiz Namangan shahrida joylashgan bo`lib, asosan sun`iy tola ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi “KUBRO TEKSTIL SANOAT” MChJ vakili M.Jumaboev. – Jamiyatimizga 5 milliard so`mlik investisiya kiritilib, yangi texnologiya olib kelingani bois ishlab chiqarish hajmi va mahsulot sifati ortdi. Bugungi yarmarkada yoshlar uchun 10 bo`sh ish o`rni taklif qilmoqdamiz.
– Qishlog`imizda 2 ming 700 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi va ularning qariyb yarmi yoshlardir. “Yoshlar kuni” ga bag`ishlab o`tkazilayotgan yarmarkaga shu yil kollejni bitirgan yoshlarni olib keldik. Ularni taklif qilinayotgan ish joylari bilan tanishtirib, ishli qilish niyatidamiz, – deydi Kemaboshi MFY raisi maslahatchisi Mariyaxon To`ychieva.
“Yoshlar kuni”ga bag`ishlab o`tkazilayotgan tadbir doirasida sport musobaqalari o`tkazilmoqda. “Hokim va yoshlar uchrashuvi”, “Zukko kitobxonlik”, “Oshpazlar tanlovi”, “Dunyo raqslari” kabi tanlovlar tashkil etildi. Tuman markazidagi “Shodlik” markaziy o`yingohida yoshlarning sevimli san`atkorlari ishtirokida gala-konsert namoyish etildi.






