Sirdaryoda havo haroratining keskin ko`tarilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan favqulodda holatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish maqsadida viloyat hokimining farmoyishi qabul qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma`lum qildi.
Shuningdek, viloyat hokimi G`.Mirzaev tashabbusi bilan viloyatning mutasaddi rahbarlari viloyat hududlaridagi yoshi ulug` insonlarning holidan habar olish, shifoxonalarda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarni o`rganish hamda jismoniy nuqsoni bor, og`ir betobligi tufayli bir joyda yotib qolgan, ijtimoiy ko`makka muhtojlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari holidan xabar olish va ularga imkon qadar viloyat mahalliy byudjet mablag`lari va homiylik mablag`lari hisobiga sovutish moslamalari (ventilyator, kondisioner) olib berish tashabbusini bildirdi.
Ushbu tashabbus viloyatning barcha faollari tomonidan qo`llab-quvvatlandi va bunday xayrli ishlar viloyat, tuman, shaharlarda boshlab yuborildi.
Viloyat va tuman, shahar sektor rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan bunday ezgu tashabbus faollik bilan olib borilmoqda. Natijada bir qancha ezgu ishlar amalga oshirildi.
Guliston tumanida istiqomat qiluvchi 1903 yilda tug`ilgan 115 yoshli Xasanova Musal momo O`zbekiston 24 telekanalini muntazam kuzatib borishini, Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni o`z ko`zi bilan ko`rib quvonayotganligini aytib, bunday ezgu ishlarni amalga oshirilishida doimo qo`llari duoda ekanligini aytib o`tdi.







