Andijonda qiziq hangomalar. Ammo biroz xijolatli. Xullas Sayyora Nosirova va Ravshanbek Olimov (ismlar-shariflar o`zgartirilgan) shu yilning may oyida tanishib qoldi. Ko`r-ko`rni qorong`ida topadi, deganlaridek ular darrov til topisha qolishdi. Hayotda oq-qorani tanigan bu insonlar shu tariqa ishqiy sarguzashtlar olamiga g`arq bo`lishdi. Ammo to`satdan Sayyoraning fikri buzildi.
Kunlardan bir kuni to`satdan u Ravshanbekka “Ishqiy munosabatlarimizni tasvirga tushirganman. Internetga joylab yuborsam bilasizmi, nima bo`ladi? Butun el-yurt oldida sharmanda bo`lasiz. Ayolingiz sizni tark etadi, farzandlaringiz esa... Ota-onangizning qarg`ishiga qolasiz”, desa bo`ladimi?
Ana shunda ayolning makriga uchgan Ravshanbek “Nima xohlaysan, gapir” deyishdan boshqa chorasi qolmadi. Ayol ham anoyilardan emas ekan naqd 25 ming dollar bersangiz, o`rtamizdagi sir sirligicha qolishini aytadi.
Boshi qotgan Ravshanbek nima qilishini bilmay Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasiga murojaat etdi. Ayol 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni olayotgan paytida qo`lga olindi.
"Xalq so`zi" nashrining viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan olgan ma`lumotiga ko`ra, hozir ushbu ish yuzasidan surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda.






