Joriy yilning 21-iyulidan 22-iyul sanasiga o`tar kechasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan 362 ta qoidabuzarlik aniqlangan.
O`tkazilgan tungi tadbirlar vaqtida xavfsizlik kamarini taqmay avtomobil boshqarish holati 186 tani tashkil etgan. Ogohlantiruvchi yo`l belgilari va svetoforga amal qilmaganligi uchun 19 nafar fuqaro jarimaga tortilgan. To`rt haydovchi mashinani mast holda boshqargan bo`lsa, 9 kishi avtomobil boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarga ega bo`lmagan. Shuningdek, harakatlanish vaqtida avtomobilni taqiqlangan usulda quvib o`tish holati 18 marotaba kuzatilgan.
Bundan tashqari tadbir davomida tezlikni belgilangan me`yordan oshirganligi uchun YPX nozirlari tomonidan ogohlantirilganlar 10 kishini tashkil etdi. Ulardan ikki nafari motosiklda bo`lgan. Jumladan, 25 yoshli Sh.Begzod Kawasaki, 26 yoshli R.Bahodir Honda rusumidagi mototransport vositalarini haydovchilik guvohnomalarsiz boshqarganlar.
Uch nafar fuqaro nafaqat tezlikni oshirgan, balki spirtli ichimlik ta`sirida bo`lgan. Ular 41 yoshli R.Akobir (davlat raqami 30 D 959 BA) “Neksiya”, 50 yoshli K.Ruzil (davlat raqami 01 M 346 TA) “VAZ-21099” va U.Jahongir (davlat raqami 01 A 252 DA) “Neksiya” avtomobilida harakatlanganlar.
Shuningdek, YPX nozirlari tomonidan to`xtatib tekshirilganda to`rt kishining avtomobil boshqarish huquqni beruvchi hujjatlari yo`qligi aniqlangan. Ulardan biri, “Neksiya” (davlat raqami 01 Z 330 TA) avtomobili egasi 25 yoshli K.Aziz inspektorning to`xtash ishorasiga bo`ysunmay tezlikni oshirib qochib ketgan.






