22 iyul yakshanba kuni Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov viloyat televideniesi orqali ochiq muloqot o`tkazdi. Bu haqda "Zarafshon" nashri xabar berdi.
Bir yarim soat davom etgan to`g`ridan-to`g`ri efirda F.Rahimov aholi savollariga javob berdi. Unda shaharda amalga oshirilayotgan ishlar, muammolarni bartaraf haqida so`z bordi.
Jumladan, Jo`yichuqur mahallasida yashovchi Toir Rashidov yo`l kengaytirilishi munosabati bilan yashab turgan uyi to`liq buzilishga tushgani, hokimiyat tomonidan tovon tariqasida Motrid hududidan 400,0 kvadrat metr er maydoni va pul mablag`i ajratilganini bildirdi. Va, hozirgi kunda qurilayotgan arzon uy-joylardan uy olishimiz mumkinmi, deb savol berdi.
Unga javoban muloqotda ishtirok etayotgan mutaxassislar tegishli hujjatlar bilan hududiy komissiyaga murojaat qilishi zarurligini aytishdi.
Qo`rg`oncha mahallasida yashovchi fuqaro Suhrob Hojiev «Fuqarolarga tegishli bino, inshootlarning buzilishiga tushishi yoki tushmasligi to`g`risida qanday ma`lumot olish mumkin?» deya savol berdi.
Uning savoliga hokim bugungi kunda «Toshkent boshplan loyihalashtirish izlanish Tadqiqot Instituti» davlat unitar korxonasi tomonidan shahar Bosh rejasi ishlab chiqarilayotgani va tasdiqlanish arafasida bo`lganligi sababli bino-inshootlar buzilishiga tushish-tushmasligi to`g`risida hozircha ma`lumot berilishi to`xtatilganini bildirdi.
Ko`ksaroy mahallasida yashovchi Gulzoda Qulmatova «Nogironligi bo`lgan xotin-qizlarga qanday imkoniyatlar bor?» deya savol bilan murojaat qildi.
- Bugungi kunda Samarqand shahridagi ehtiyojmand, nogironligi bo`lgan xotin-qizlar ro`yxati shakllantirilib, ularning ijtimoiy ahvoli o`rganilmoqda, - dedi hokim. – 2018 yilning 6 oyi davomida maxsus ishchi guruh tomonidan 41 nafar fuqaro uy-joyga muhtoj deb topilgan va ularga 41 ta xonadon ajratildi. Hokimlik va yirik korxona-tashkilot tomonidan 18 nafar shu toifaga kiruvchi xotin-qizlarga tikuvchilik mashinalari olib borildi.
Ochiq muloqot chog`ida ko`plab savol va murojaatlar tushdi. Bu savollar ham e`tibordan chetda qolmadi va to`g`ri, oshkora javoblar berildi.
Afsuski, muloqotda Samarqand shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, shahar husn-tarovatini yanada oshirishga ko`mak beradigan taklif-mulohaza, tashabbus deyarli uchramadi. Odamlarning o`z shahriga bo`lgan munosabati nechog`li ekani bilinib qoldi. Hokim bilan muloqot «betga aytganning zahri yo`q» deganlaridek, ochiq, oshkora bo`lmog`i lozim edi. Bu esa hammamizdan faol bo`lishimizni talab qiladi.






