AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda IIV tizimida vazifasiga loqaydlik bilan munosabatda bo`lgan rahbarlar ishdan bo`shatildi

'Qashqadaryoda IIV tizimida vazifasiga loqaydlik bilan munosabatda bo`lgan rahbarlar ishdan bo`shatildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig`iga muvofiq, Respublika Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo`shma farmoyishiga asosan Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po`lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 23-26 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida ichki ishlar organlari oldiga qo`yilgan vazifalar ijrosi ahvoli bilan yaqindan tanishdi.

Majlisda ayrim ichki ishlar organlari xodimlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda bo`layotgan o`zgarishlar, xizmat faoliyatiga aloqador me`yoriy hujjatlarning tub mazmun-mohiyatini anglamay, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotganligi qayd etilib, qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta`sir choralari ko`rildi.

Shu jumladan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo`lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko`rmaganligi, qo`l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagani oqibatida shaxsiy tarkib o`rtasida tartib-intizom susayib ketishiga sababchi bo`lganligi uchun Qarshi tumani IIB boshlig`i J.Rajabov, Muborak tumani IIB boshlig`i S.Sharipov, Koson va Qarshi tumanlari IIB boshliqlarining o`rinbosarlari N.Qarshiev va A.Aminov, Shahrisabz, G`uzor va Dexqonobod tumanlari IIB boshliqlarining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosarlari Q.Toshmurodov, A.Aliev va N.Bozarovlar, Muborak va Chiroqchi tumanlari IIB boshliqlarining kadrlar bo`yicha o`rinbosarlari T.Baxromov va J.Murodov, viloyat IIB YHXB boshlig`ining kadrlar bo`yicha o`rinbosari F.Mirshatov, hamda Qamashi tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi boshlig`i X.Rizakulovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, kadrlar bilan ishlash sohasida shaxsiy tarkib bilan kasbiy tayyorgarlik va tarbiyaviy ishlarning tizimli va samarali tashkil etilishini ta`minlamaganligi uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining kadrlar bo`yicha o`rinbosari B.Tursunkulov hamda qo`l ostidagi xodimlar faoliyatini etarli nazorat qilmaganligi oqibatida ular tomonidan noo`rin xatti-harakatlar sodir etilishi holatlariga yo`l qo`yganligi uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig`i E.Qurbonovlarga “hayfsan” intizomiy jazosi berildi.

O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko`ra, bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, tergov, kadrlar bilan ishlash xizmatlari xodimlariga nisbatan intizomiy ta`sir choralari qo`llanildi.

    Boshqa yangiliklar