Bugun Matbuot va axborot agentligi tashabbusi bilan «Jinoyatchilikning oldini olish hamda unga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining o`rni: talab va tavsiyalar» mavzusida amaliy seminar o`tkazildi.
Tadbirda agentlik Bosh direktori Laziz Tangriev huquqiy mavzuda yozadigan jurnalistlar uchun «Jurnalistlar klubi»ni tashkil etish taklifini ilgari surdi.
— Darhaqiqat, videoselektor yig`ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olish borasida ommaviy axborot vositalarining roli juda muhim. Shunday ekan, bu borada samarali natijaga erishish uchun soha ixtisoslashuviga alohida e`tibor qaratishimiz zarur.
Huquqiy mavzuda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari, shu mavzuni yorituvchi jurnalistlar ishtirokida turkum seminarlar o`tkazish, shu yo`nalishda «Jurnalistlar klubi»ni tashkil etish maqsadga muvofiq.
Bu kabi uchrashuvlarni an`anaga aylantirishimiz kerak. Chunki bir yoki ikki uchrashuv, seminarda mavzuni to`liq tushunib etishimiz, mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama qilishimiz mumkin emas.






