AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev temiryo`lchilarga tabrik yo`lladi

'Shavkat Mirziyoev temiryo`lchilarga tabrik yo`lladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev «O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati jamoasini kasb bayrami bilan qutlab, ularga tabrik yo`lladi.

«O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati jamoasiga

Qadrli do`stlar!

Hurmatli temiryo`lchilar!

«O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati tizimida mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilari, soha faxriylarini, samarali mehnati bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo`shib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni Temiryo`lchilar kuni bayrami bilan samimiy tabriklab, sizlarga o`zimning ezgu tilaklarimni va chuqur hurmatimni izhor etaman.

O`z kasbiga sadoqatli va fidoyi sizlar kabi minglab yurtdoshlarimizning sidqidildan qilayotgan mehnati, bilim va tajribasi tufayli temir yo`l tarmog`i xodimlari el-yurtimiz o`rtasida haqli ravishda obro`-e`tibor va ehtiromga sazovor bo`lib kelmoqda.

Ta`kidlash joizki, mamlakatimiz temir yo`l tizimi mustaqil davlatimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo`lini bosib o`tdi. O`tgan chorak asr davomida puxta o`ylangan, uzoq muddatga mo`ljallangan strategiya asosida tarmoqni har tomonlama rivojlantirish bo`yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

«O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan kundan buyon yuk tashish hajmi 2,1 marta, yo`lovchi tashish hajmi 2 barobar ko`paygani, temir yo`llar orqali 1,5 milliard tonna yuk tashilib, 370 million nafar yo`lovchi o`z manziliga etkazilgani sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli amalga oshirilgan ishlar salmog`i naqadar katta ekanining yaqqol tasdig`idir.

Bugungi kunda 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida barcha soha va tarmoqlar singari, temir yo`l tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda.

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo`yicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo`lovchilarning esa 75 foizdan ortig`i temir yo`l transporti orqali manzillariga etkazilayotganini inobatga oladigan bo`lsak, ushbu soha iqtisodiyotimiz rivojida qanday muhim va katta mavqeni egallab turganini yanada chuqurroq his qilamiz.

Tizimdagi sanoat korxonalari davr talabiga mos texnologiyalar bilan jihozlanib, ularda zamonaviy yo`lovchi va yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda. Bu esa mamlakatimizda tobora rivojlanib borayotgan transport mashinasozligi sohasida ham temiryo`lchilarimiz o`zining munosib o`rnini topganidan dalolat beradi.

Jumladan, birgina «Quyuv-mexanika zavodi» korxonasida harakatlanadigan tarkibni ta`mirlash bazasini rivojlantirish, vagonsozlikni tashkil etish va quyuv korxonasini rekonstruksiya qilishga qaratilgan katta ko`lamdagi loyihaning amalga oshirilishi natijasida yangi yuk vagonlari, ko`p tonnali konteynerlar ishlab chiqarilishini kengaytirish va yuk vagonlarini kapital ta`mirlash va qayta tiklash ishlarini yanada jadallashtirish imkoniyati yaratilmoqda.

Bugungi kunda O`zbekiston temir yo`llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo`g`ini sifatida xalqaro temir yo`llar tashuvi tizimida munosib o`rin egalladi. Bu borada amalga oshirilgan katta ko`lamdagi ishlarning barchasi iqtisodiyotimizda yuksak natijalarni qo`lga kiritishga asos bo`lmoqda. Temiryo`lchilarimiz tomonidan istiqlol yillarida 1500 kilometrdan ortiq yangi temir yo`llarning barpo etilgani, 1800 kilometrlik temir yo`l liniyalarining elektrlashtirilgani mamlakatimizni modernizasiya qilishda ulkan qadam bo`ldi.

Eng asosiysi, bu o`zgarishlar xalqimiz hayotida o`zining ijobiy samarasini ko`rsatmoqda.

E`tiborli jihati shundaki, bunday ishlarimiz bugungi kunda ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Jumladan, hozirgi vaqtda Toshkent metropolitenining «Sergeli – Olmazor», «Do`stlik – Rohat – Qo`yliq bozori» yo`nalishlarida Markaziy Osiyoda yagona bo`lgan er usti halqa metro liniyalarini qurish ishlari jadal sur`atlar bilan olib borilayotganidan jamoatchiligimiz yaxshi xabardor.

«O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyatining ko`p millatli jamoasi temir yo`l transport kommunikasiyalarini rivojlantirish, takomillashtirish va rekonstruksiya qilish, temir yo`l orqali yuk va yo`lovchi tashish xavfsizligini ta`minlash borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.

Bu borada yangi temir yo`llarning foydalanishga topshirilishi mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va boshqa xomashyoga boy konlarni kompleks o`zlashtirish, eng muhimi, ming-minglab yurtdoshlarimizni ish bilan ta`minlash imkonini berayotganini alohida ta`kidlash lozim.

Ispaniyaning «Talgo» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori tezlikda harakatlanadigan «Afrosiyob» elektropoezdlari poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnamoqda. Bu elektropoezdlar qisqa muddatda xalqimiz va xorijiy mehmonlarning e`tibori va ishonchini qozondi.

«O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan transport sohasidagi xizmat ko`rsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida harakatlanadigan tarkibni zamonaviy, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan ta`minlash va modernizasiya qilish ishlariga alohida e`tibor berilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda jahon standartlari talablariga javob beradigan 16 ta yangi temir yo`l vokzali qurildi, 10 ta vokzal qayta qurildi va deyarli barcha stansiyalar xalqaro sifat standartlari talablari darajasidagi yuqori texnologiyalar bilan jihozlandi.

Temir yo`l transporti kommunikasiyalari va infratuzilmani rivojlantirish uchun 8 milliard dollardan ortiq mablag` yo`naltirildi, shundan 2,6 milliard dollari xorijiy investisiyalardir.

Temiryo`lchilarimiz yana bir yo`nalish - ko`mir sanoatini texnik jihatdan qayta jihozlash, modernizasiya qilish, kon ishlarining samaradorligini oshirish, resurslarni tejaydigan yangi, progressiv texnologiyalarni joriy etish, aholiga ko`mir mahsulotlarini etkazib berish ishlarida ham o`zlarining yuqori salohiyatini namoyon etmoqdalar.

Sizlarning fidokorona mehnat qilib, uzog`imizni yaqin qiladigan ravon yo`llar, Toshkent shahrida va yurtimizning boshqa hududlarida o`nlab zamonaviy ko`priklar qurib, Vatanimiz obodligiga munosib hissa qo`shayotganingiz alohida tahsinga sazovor.

Shuningdek, temir yo`l sohasi ishchi-xodimlarining «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari doirasida ijtimoiy sohada, xususan, tabiiy sharoiti, iqlimi og`ir hududlarga toza ichimlik suvi etkazib berish, qishloq va mahallalarni obod qilish, xalqimiz farovonligini oshirish, arzon uy-joylar, ta`lim-tarbiya, sog`liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport maskanlarini barpo etish yo`lida olib borayotgan ezgu ishlarini mamnuniyat bilan ta`kidlashni istardim.

O`zbekiston temiryo`l tarmog`ining kelajagi, avvalo, sohaga zamonaviy bilimga ega, ilg`or texnologiyalarni puxta o`zlashtirgan, o`z kasbiga sodiq, Vatanimizga farzandlik mehri bilan yashaydigan yosh mutaxassis va ishchilarni keng jalb etish bilan bevosita bog`liqdir.

Yurtimizdagi 3 ta temir yo`l kasb-hunar kolleji, akademik lisey va Toshkent temir yo`l muhandislari institutini har yili 3 mingdan ziyod yosh mutaxassislar tamomlab, hayotga yo`llanma olayotgani mamlakatimiz temiryo`l transportining kelgusi taraqqiyoti uchun ishonchli poydevor bo`lib xizmat qilmoqda.

Ayni vaqtda sizlarning oldingizda yuk va yo`lovchi tashish hajmini oshirish bilan bir qatorda, hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, boy mineral-xom ashyo resurslarini kompleks o`zlashtirish, yangi ish o`rinlarini yaratish, tarmoq korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ko`mir mahsulotlariga tobora o`sib borayotgan talabini qondirishga yo`naltirilgan investisiyaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish kabi muhim va ustuvor vazifalar turibdi.

Ishonamanki, 87 ming nafardan ortiq yuqori malakali, o`z kasbiga sadoqatli, fidoyi va ilg`or temiryo`lchilar jamoasi bu vazifalarni chuqur his etgan holda o`zlarining bor bilim, malaka va kuch-g`ayratlarini safarbar etib, zimmalaridagi burchlarini sharaf bilan ado etadilar.

Hurmatli temir yo`l transporti xodimlari!

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.

Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar